Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy taʼlimni kengaytirish. yoshlar bandligini taʼminlash, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv taʼlimni rivojlantirishga doir bir qancha masalalar keltirildi.
Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, oʻquv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar boʻyicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari toʻlovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, olis va chekka hududlarda oʻquv markazlarini tashkil etishga 300 million soʻmgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va oʻqituvchilarining daromad soligʻini 1 foiz etib belgilash taklifi ham berildi.
