Qozog‘istonlik 10-sinf o‘quvchisi Madi Daurenbekov YouTube’dagi videodarslar orqali havo ifloslanishini kuzatuvchi “ClearAir Almaty” nomli servisni ishlab chiqdi. Mazkur servis joriy yil yanvar oyida ishga tushirilgan.
Ushbu o‘quvchi Madi Daurenbekov ayni damda 16 yoshda. U Olmaotada tug‘ilgan va shu yerda yashaydi, shu sababli shahardagi havo ifloslanishi muammosini yaxshi biladi. Yanvar oyida 10-sinf o‘quvchisi ClearAir Almaty nomli servisni ishga tushirdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha real vaqt rejimida havo sifatini kuzatadi va shaharliklarga tavsiyalar beradi. U sayt va Telegram-botni YouTube’dagi videodarslar orqali mustaqil yaratgan.
“Dasturlash bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni o‘rgandim va bot kodini yozdim”
O‘quvchining aytishicha, mazkur “ClearAir Almaty” g‘oyasi maktabda paydo bo‘lgan.
— Darslarda bizga Olmaota muntazam ravishda dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri ekani haqida aytishdi. Menimcha, buni har bir aholi o‘zida his qilgan. Men ham shahar tashqarisiga chiqqanimda nafas olish yengillashishini, hatto tumov yo‘qolishini sezganman. Shunda iflos havo sog‘liqqa qanchalik kuchli ta’sir qilishini tushundim. Bu odamlar havo sifatini kuzatib borishi va sog‘ligini himoya qilish uchun real vaqt rejimida choralar ko‘rishiga yordam beradigan texnologik yechim yaratishga turtki bo‘ldi. Hozirda u sayt va Telegram-botdan iborat. Loyiha ustida ishlashni 2025-yil oktyabr oyida boshladim, yanvar o‘rtalarida esa uni ishga tushirdim.
Uning so‘ziga ko‘ra, servis havoga oid ma’lumotlarni ochiq manbalardan yig‘adi. Jumladan, IQAir (AirVisual), OpenAQ, shuningdek, shahar va milliy monitoring stansiyalari ma’lumotlaridan foydalaniladi.
— Bu tizimlar rasmiy sensorlardan ko‘rsatkichlarni olib, ularni ochiq API orqali taqdim etadi. Keyin barcha ma’lumotlar bazada saqlanadi. Shundan so‘ng, kunlik va haftalik o‘zgarishlar tahlil qilinib, havo qachon va nima sababdan yomonlashayotgani aniqlanadi. Ob-havo, harorat va transport oqimi kabi omillar taqqoslanadi. Bundan tashqari, o‘tgan kunlardagi ma’lumotlarga asoslanib havo sifati qanday yomonlashishi mumkinligini prognoz qiladigan sun’iy intellekt modeli ham ishlatiladi. Texnik jihatdan servis Python’dagi backend, ma’lumotlar bazasi, sayt va tavsiyalar beruvchi Telegram-botdan iborat. Dasturlashni YouTube va internetdagi maqolalar orqali o‘rgandim. Dasturlashning boshlang‘ich bilimlarini egallab, bot kodini yozdim. Saytni esa Tilda konstruktori yordamida yig‘dim.
Ushbu servisdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish shart emas. Sayt oxiridagi havola orqali Telegram-botga o‘tish kifoya.
— Kelajakda Android va iOS uchun mobil ilova ham ishga tushirishni rejalashtiryapman. Uni yozda chiqarish mo‘ljallangan. Ilovani yaratishda menga dasturchi do‘stim Nail Rahmatulin yordam bermoqda.
“Havoning kuchli ifloslanishi inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi”
Asoschi Madi Daurenbekovning aytishicha, loyiha uchun havoning ifloslanishi inson sog‘lig‘iga qanday ta’sir qilishi haqida turli ishonchli manbalardan ma’lumot to‘plagan.
— Havoning ifloslanishi inson sog‘lig‘iga ta’siri bo‘yicha to‘plagan ma’lumotlar asosida o‘z maqolamni ham tayyorladim. Asosiy xulosa shuki, havoning kuchli ifloslanishi inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi va bu oddiy noqulay holat emas. Asosiy zarar havodagi mayda chang va tutun zarralari — PM2.5 bilan bog‘liq. Ular o‘pkaga va qonga kirib boradi. Havoning ifloslanishi nafas olish bilan bog‘liq muammolarni (yo‘tal, astma) keltirib chiqaradi, yurak-qon tomir kasalliklari (infarkt, insult) xavfini oshiradi, immunitetni susaytiradi hamda miyaga salbiy ta’sir ko‘rsatib, diqqat va umumiy holatni yomonlashtirishi mumkin. Uzoq muddatli ta’sir esa surunkali kasalliklar xavfini oshiradi.
ClearAir Almaty’ning asosiy maqsadi — odamlar shunchaki raqamlarni ko‘rishi emas, balki aynan nimadan nafas olayotganini va muayyan kunda nima qilish kerakligini tushunishi.
Servis nima qiladi?
— Birinchidan, u ochiq manbalardan havo sifati haqidagi ma’lumotlarni yig‘adi va tahlil qiladi. Ayniqsa PM2.5 darajasiga e’tibor qaratadi. Ikkinchidan, havoning nega ifloslanayotganini tushuntiradi: bunga avtomobillar, isitish mavsumi, ob-havo va boshqa omillar qanday ta’sir qilishini ko‘rsatadi. Uchinchidan, esa tavsiyalar beradi. Masalan, qachon sayr qilish yoki xonani shamollatish yaxshiroq ekanini bildiradi.
Eng avvalo, PM2.5 darajasiga e’tibor berish kerak. U qancha yuqori bo‘lsa, tashqaridagi faollik shuncha kamaytirilishi lozim.
- 0–15 mkg/m³ bo‘lsa, bemalol sayr qilish va sport bilan shug‘ullanish mumkin.
- 15–35 mkg/m³ oralig‘ida astma yoki sezgirligi bor odamlarga ortiqcha yuklama tavsiya etilmaydi. Masalan, yugurmaslik kerak.
- 35 mkg/m³ dan yuqori bo‘lsa, havo uzoq muddat ta’sir qilganda zararli hisoblanadi.
- 35–75 mkg/m³ oralig‘ida tashqarida kamroq vaqt o‘tkazish yoki niqob taqish kerak.
- 75–150 mkg/m³ bo‘lsa, uyda qolgan ma’qul. Zarurat bo‘lsa, niqob taqish shart. Derazalarni yopiq tutish tavsiya etiladi.
- 150 mkg/m³ dan yuqori ko‘rsatkich esa hamma uchun, ayniqsa bolalar uchun juda xavfli hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Olmaotadagi eng iflos havo shaharning quyi qismi va xususiy uylar ko‘p joylashgan hududlarda, masalan, Olatov tumanida kuzatiladi. Bunga ko‘mir bilan isitish va transport oqimi sabab bo‘lmoqda. Eng toza havo esa tog‘larga yaqin bo‘lgan yuqori hududlarda — Medeu tumanida.
— Mening fikrimcha, vaziyatni yaxshilash uchun toza energiyaga o‘tish, jamoat transportini rivojlantirish va ifloslanishni qat’iy nazorat qilish kerak.
“Servis bepul bo‘lib qolishini istayman”
— Hozir servisning kunlik foydalanuvchilari soni 100 nafarga yetdi. Dastlab ClearAir Almaty’dan asosan mening maktabdoshlarim foydalangan. Men ular uchun loyiha taqdimotini o‘tkazib, imkoniyatlari haqida gapirib bergandim. Keyinchalik ma’lumot og‘izdan-og‘izga tarqalib, foydalanuvchilar soni oshdi. Servis barcha uchun bepul. Asosiy auditoriya — Olmaota aholisi. Ayniqsa, nafas olish bilan bog‘liq muammolari bor yoki ko‘p sayr qiladigan odamlar uchun bu muhim, chunki havo sifati ularning sog‘lig‘iga bevosita ta’sir qiladi.
ClearAir Almaty boshqa shunga o‘xshash loyihalardan farqli ravishda shunchaki ifloslanish darajasini ko‘rsatmaydi, balki har bir hudud uchun tushunarli va amaliy tavsiyalar beradi. Bu odamlarga qaror qabul qilish va sog‘ligini himoya qilishga yordam beradigan vosita.
— Loyihaga pul tikmaganman — ochiq ma’lumotlar va bepul vositalardan foydalandim. Ammo ClearAir Almaty’ni rivojlantirish uchun bir nechta variantlarni ko‘rib chiqyapman. Birinchidan, Qozog‘iston va xalqaro fondlarning ekologik hamda ijtimoiy grantlariga ariza topshirishni rejalashtiryapman. Ikkinchidan, ekologik masalalarga befarq bo‘lmagan mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish haqida o‘ylayapman. Bu loyihani tijorat mahsulotiga aylantirmasdan turib homiylik ko‘magini olish imkonini beradi. Uchinchidan, universitetlar yoki ekologik tashkilotlar bilan hamkorlik qilish ehtimoli ham bor.
Yosh kashfiyotchi ClearAir Almaty loyihasini to‘liq ijtimoiy loyiha bo‘lishini istashini bildirdi.
— Men bu loyiha to‘liq ijtimoiy loyiha bo‘lib qolishini istayman. Agar kelajakda hosting va texnik qo‘llab-quvvatlash xarajatlari uchun minimal monetizatsiya kerak bo‘lsa ham, u shaffof bo‘ladi va loyiha missiyasiga ta’sir qilmaydi. Ideal holatda ClearAir Almaty’ni shahar xaritasi, prognozlar va shaxsiy tavsiyalarga ega alohida ilova sifatida ko‘raman. Reja shunday: avval shahar bo‘ylab sensorlar tarmog‘ini kengaytirish va real vaqt rejimida barqaror ma’lumot oqimini yo‘lga qo‘yish. Parallel ravishda foydalanuvchi hududlar bo‘yicha ifloslanish darajasini va oddiy tavsiyalarni ko‘ra oladigan ilovani ishga tushirish. Keyin esa tizim o‘tgan kunlardagi ma’lumotlarga asoslanib bir necha soat yoki kun oldindan havo ifloslanishi darajasini prognoz qiladigan funksiyani qo‘shish.
“Xorijda o‘qishni rejalashtiryapman — meni Ivy League universitetlari qiziqtiradi”
— Hozir Beta High School xususiy maktabining 10-sinfida o‘qiyman. O‘tgan yil dekabrida bu maktabga o‘tdim, undan oldin Oraz Jandosov nomidagi 105-gimnaziyada tahsil olganman. Chet el universitetlariga tayyorlaydigan maktabni ataylab tanladim.
Kelajakda u AQShda o‘qishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
—Bo‘sh vaqtimning ko‘p qismini IELTS va SAT imtihonlariga tayyorlanishga sarflayman. Meni “Ivy League” universitetlari qiziqtiradi. Hozircha aniq universitetni tanlamaganman, ammo asosiy e’tiborni matematika va fizika fanlariga qaratganman.
Dasturchi bo‘lishni istamayman — bu juda raqobatli soha, yaxshi universitetga kirish qiyin bo‘ladi. Avvalo muhandislik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqyapman.
AQSh universitetlariga kirish uchun faqat yaxshi baholar yetarli emas, kuchli portfolio ham kerak. G‘arb universitetlari jamiyat uchun foydali loyihalarni amalga oshirgan abituriyentlarni qadrlaydi. ‘‘ClearAir Almaty’’ ustida ishlashimning sabablaridan biri ham shu.




