“Inson bir ishga qo‘l urdimi uni nihoyasiga yetkazishi kerak”: Shahrisabzlik o‘quvchi muddatidan oldin 189 ball to‘pladi

“Inson bir ishga qo‘l urdimi uni nihoyasiga yetkazishi kerak”: Shahrisabzlik o‘quvchi muddatidan oldin 189 ball to‘pladi

Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani ixtisoslashtirilgan maktabning  11-sinf o‘quvchisi Sobirjonov Ruslan Odil o‘g‘li bir nechta sertifikatlarni qo‘lga kiritib, m bir nechta sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi. U matematikadan A, ona tili va adabiyotdan B+ A, ingliz tilidan CEFR B2, tarix fanidan esa B darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.

 

Kelgusida, u Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universiteti (JIDU)ning Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishiga o‘qishga kirishni maqsad qilgan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri ushbu o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, duch kelgan qiyinchiliklari va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“Qiyinchiliklar bo‘ldi, ammo natija meni quvontirdi”

 

Sertifikat olish jarayonini Ruslan 10-sinfda boshlagan va dastlab bu jarayonning o‘zi unga murakkab ko‘ringanini aytdi. Biroq, uning qat’iyati va yuksak maqsadlariga bo‘lgan ishtiyoqi uni muvaffaqiyatga olib keldi:

 

“Men sertifikat olishni 10-sinfda boshlaganman. Boshida sal murakkablik qildi, ammo qilgan mehnatim natijasi o‘z aksini topdi,” deydi u.

 

O‘zining mustahkam tayyorgarligi va qat’iyatlilik bilan Ruslan har bir fanga alohida e’tibor qaratgan. Matematikadan 6 oy, ingliz tilidan 5 oy, ona tili 1.5 oy va tarix 1 oy davomida tayyorlangan.

 

“Har bir maqsadni amalga oshirish uchun o‘z vaqtida ishlash zarur”

 

Ruslan o‘zining tayyorgarlik jarayonida kuniga 5 soat o‘qishga ajratgan va har bir fanni puxta o‘rgangan. Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiganligi tufayli, u darslar bilan birga o‘qishga ham diqqatini qarata olgan.

 

“Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiganligim sababli barcha fanlarni o‘rganishim zarur edi. Maktab darslarini ham, oliy ta’limga tayyorlanishni ham birdek olib bordim,” deydi Ruslan.

 

Tayyorgarlik jarayonida, eng muhimi, har bir topshiriqni o‘z vaqtida bajarish edi:

 

“Avvalo inson bir ishga qo‘l urdimi, uni nihoyasiga yetkazish zarur. O‘z vaqtida topshiriqlarni bajardim va self-study orqali yuqori natijalarga erishdim.”

 

Motivatsiya va intizom

 

Ruslan o‘zining tajribalarida qiyinchiliklardan qochmagan. Ba’zan mock testlarda past natijalar chiqib qolgan, ammo u bu muammolarni g‘alabaga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan:

 

“Bazan mock testlarim natijalari past chiqib qolardi. Shunda o‘qishga bo‘lgan qiziqish kamayib ketardi, ammo men bu xatolarimni tuzatdim va yanada ko‘proq ma’lumot izlanishdan to‘xtamadim.”

 

Shu bilan birga, u o‘zining eng katta sabog‘i sifatida quyidagicha fikr bildiradi:

 

“Inson bilim olish yo‘lida ekan, avvalo ma’nan va ruhan tayyor bo‘lishi, past va balandliklarga chidashi kerak.”

 

“Telefonda vaqtni behuda sarflamaslik kerak”

Ruslan o‘z vaqtini boshqarishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni minimal darajaga tushirgan. Bu unga faqat kerakli maqsadlarga erishishga yordam berdi:

 

“Men telefondan kamroq foydalanardim va ijtimoiy tarmoqlardan umuman bloklagan edim… telefondan faqat onlayn test va ingliz tilining listening qismi uchun audio tinglashda ishlatar edim.”

 

Abituriyentimiz o‘zining o‘qish jarayonida telefonda va ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazishdan saqlanishni samarali boshqarishga o‘rgangan. Bu uni o‘qishga to‘liq diqqatini qaratishga undadi.

 

Reja asosida harakat qilish — qisqa yo‘l xaritasi

 

Ruslanning asosiy maslahatlaridan biri — o‘z maqsadlariga erishishda reja asosida harakat qilish va bu orqali barcha ishlarni o‘z vaqtida bajargan holda muvaffaqiyatga erishishdir:

 

“Tengdoshlarimga avvalo o‘z maqsadlari yo‘lida bilim olishda shaxsiy rejalarini qo‘yib olishlarini va ta’lim olishda hech ham tolmasliklarini maslaxat berardim. Chunki reja asosida qilingan har bir ish marraga yetish uchun qisqa yo‘l xaritasidir.”

 

Shuningdek, Ruslan ta’lim sifatini oshirish uchun maktablarga yosh iqtidorli ustozlarni jalb qilish zarur deb hisoblaydi:

 

“Ta’lim sifatini oshirish uchun maktablarga yosh iqtidorli kadr ustozlarni ko‘paytirmoqlik zarur. Ba’zi maktablarga esa telefon va turli zararli vositalarni taqiqlash zarur.”

 

Ruslan hozirda IELTS, SAT, AP sertifikatlariga tayyorlanmoqda va dunyodagi TOP-50 universitetlarga 100% grant asosida o‘qishga kirishni maqsad qilgan.

 

Avvalroq, samarqandlik o‘quvchi 6 ta sertifikat sohibasiga aylangani haqida xabar bergan edik.