Hukumat qaroriga ko‘ra, A-level va International Baccalaureate (IB) kabi xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlarga oliy ta’limga kirishda alohida imtiyozlar beriladi. Mazkur sertifikat egalari belgilangan talablarga mos kelganda test sinovlarisiz, qo‘shimcha kvota doirasida shartnoma asosida talabalikka tavsiya etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 578-sonli qaroriga muvofiq, xalqaro tan olingan yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda alohida imtiyozlar beriladi:
– “A level” sertifikati (“B” va undan yuqori daraja) — abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul kvotasi doirasida o‘qishga qabul qilinadi;
– “International Baccalaureate” (IB) sertifikati (32 va undan yuqori ball) — abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul kvotasi doirasida o‘qishga qabul qilinadi.
Bunda abituriyent tomonidan “International Baccalaureate” sertifikatlari Agentlikka elektron tarzda (IB Secure Website orqali) yuborilishi lozim.
Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun sertifikatdagi fanlar abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishidagi kirish imtihoni fanlari majmuasiga (bloklariga) mos kelishi shart.
Mazkur sertifikat egalari kirish imtihonlarida (test sinovlarida) ishtirok etmasdan, imtihonsiz shartnoma asosida talabalikka tavsiya etiladilar.
Eslatib o‘tamiz, Cambridge Assessment International Education tomonidan taqdim etiladigan A-level sertifikati xalqaro miqyosda tan olingan nufuzli hujjat hisoblanadi. Imtihon natijalari A, B, C, D va E darajalarida baholanadi:
– A — eng yuqori natija;
– E — eng past ko‘rsatkich.
Mazkur sertifikat dunyoning 95 dan ortiq mamlakatidagi 1750 dan ortiq oliy ta’lim muassasasida tan olinadi. Ular orasida Times Higher Education reytingining TOP-20 taligiga kiritilgan nufuzli universitetlar ham mavjud.
Avvalroq, SAT 1200 dan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar imtihonsiz talaba bo‘lishi va tizimning ishlash yo‘riqnomasi haqida xabar bergan edik.
