Yuqori Chirchiq tumanidagi maktab direktori oʻquvchisiga nomaqbul xabarlar yuborgani ortidan 5 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olingan edi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati MMTB rasmiy munosabat bildirib, qonunchilikka muvofiq direktor ishdan olingani va muassasaga vaqtincha rahbar tayinlangani bildirildi.
Yuqori Chirchiq tumanidagi maktablardan birida direktor vazifasida ishlovchi I.J. joriy yilning 16–17-aprel kunlari Telegram messenjeri orqali oʻquvchisiga turli mazmundagi, shu jumladan shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan xabarlar yuborgani hamda u 5 sutkaga maʼmuriy tartibda qamoqqa olingani haqida xabar bergan edik.
Unga koʻra, direktor sudda aybiga iqror boʻlgan va xabarlarni oʻquvchini tarbiyalash maqsadida yozganini aytib pushaymonlik bildirgan edi.
Oʻquvchining qonuniy vakili esa direktor oʻz lavozimiga loyiq emasligini aytib, unga ogʻirroq jazo qoʻllashni soʻragandi.
Suningdek, JIB Yuqori Chirchiq tuman sudining qarori bilan J.I. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati MMTB rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan vakolatli organlar tomonidan oʻrganish va huquqiy baholash ishlari amalga oshirilgan. Oʻrganish natijalariga koʻra, mazkur mansabdor shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilgan.
Amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq, xodimga nisbatan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik bilan bogʻliq holatlar aniqlangan taqdirda, ish beruvchi tomonidan uning mehnat faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatib turish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish choralari koʻrilishi mumkin.
Mazkur holatda I.J.ga nisbatan tegishli buyruq asosida lavozimdan olingan.
“Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga muvofiq, taʼlim muassasasi rahbariyatiga nisbatan sodir etilgan har qanday huquqqa zid harakatlar qattiq qoralanadi va ular boʻyicha qatʼiy intizomiy hamda huquqiy choralar koʻriladi”— deydi rasmiylar.
Hozirgi kunda taʼlim muassasasida oʻquv jarayoni uzluksizligini taʼminlash maqsadida muassasaga vaqtinchalik vazifa bajaruvchi rahbar tayinlangani va barcha faoliyat toʻliq nazoratga olingani taʼkidlangan.
“Qoʻshimcha maʼlumotlar boʻyicha vakolatli organlar tomonidan yana rasmiy axborot berilishi mumkin” — deyiladi munosabatda.
Avvalroq, Samarqandda direktor o‘rinbosari o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqida xabar bergan edik.
