Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan matematika o‘qituvchisi ketma-ket uchta attestatsiyada 98 ball to‘pladi. U o‘z tajribasi, tayyorgarlik usuli va muvaffaqiyat omillari haqida so‘zlab berdi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi Jahongir Mirzakulov 2013-yildan buyon pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib keladi. U 1988-yilda Buxoroda tug‘ilgan, Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti (2005-2010), A.Avloniy nomidagi XTXQTMOI (2013) qayta tayyorlov, BuxDU (2017-2020 bakalavr ikkinchi mutaxasislik, 2020-2022 magistr) da tahsil olgan.
So‘nggi yillarda u attestatsiya natijalari bilan ajralib turmoqda: 2025-yil bahorgi, 2025-yil kuzgi va 2026-yil bahorgi attestatsiyalarda ketma-ket 98 ball olgan.
Zamonaviy o’qituvchi qanday bo’lishi kerak?
Suhbat boshida u bugungi kub o‘qituvchisiga qo‘yilayotgan talablar haqida to‘xtaldi. Uning aytishicha, o‘qituvchi faqat fanini bilish bilan cheklanib qolmasligi, doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi kerak.
“O‘z ustida muntazam ishlaydigan, mantiqiy fikrlashi kuchli bo‘lgan va kamida bitta qo‘shimcha tilni biladigan o‘qituvchi bugungi kun talabi hisoblanadi.”
Jahongir Mirzakulov attestatsiyani shunchaki imtihon emas, balki o‘zini tekshirish va rivojlantirish vositasi sifatida ko‘radi. Shu sababli har yili tayyorlanishga jiddiy yondashadi.
“Har doim attestatsiya topshirish men uchun o‘z ustimda ishlash va bilimimni yangilab borish imkoniyati bo‘ladi.”
Uning fikricha, o‘qituvchi rivojlanishdan to‘xtasa, bu darhol natijada seziladi.
“10 kun qolganda boshladim — lekin shu ham yetarli bo‘ldi”
Mirzakulov odatda attestatsiyaga 15–20 kun oldin tayyorgarlikni boshlaydi. Bu safar esa 10 kun ichida tayyorlangan, ammo bu vaqtni aniq reja asosida tashkil qilgan.
“Men odatda tayyorgarlikni imtihonga 15–20 kun qolganda boshlayman. Bu yil 10 kun oldin boshladim, lekin yetarli bo‘ldi.”
Uning asosiy e’tibori test ishlashga qaratilgan. Ayniqsa, mock testlar uning tayyorgarligida muhim o‘rin tutadi.
“15–20 ta mock testni yozmasdan, og‘zaki tasavvur qilib yechishga harakat qilaman. Bu fikrlash tezligini oshiradi” — deydi ustoz.
U mavzuni o‘qishdan ko‘ra test orqali o‘rganishni samaraliroq deb hisoblaydi.
“Ko‘proq test yechib, xatolar orqali bilmagan joylarni aniqlash men uchun eng foydali usul bo‘ldi.”
Shuningdek, u ko‘pchilik qiladigan xatoga ham to‘xtaladi — ortiqcha material bilan o‘ziga qo’shimcha yuklama berish.
“Natija qilish uchun ko‘p o‘qish emas, to‘g‘ri o‘qish kerak. Bir vaqtning o‘zida bir nechta kurs bilan ishlash tizimni buzadi”— deydi u.
Aytishicha, ayrim mavzular alohida e’tibor talab qiladi.
“Stereometriya, funksiya va integral mavzulari tez esdan chiqib ketadi. Shu sababli ularni ko‘proq takrorlashga to‘g‘ri keladi.”
Bu mavzularni u test tahlillari va hamkasblar bilan muhokama qilish orqali mustahkamlagan.
Testda eng muhim omil nima?
Uning aytishicha, attestatsiyada bilim bilan birga vaqtni to‘g‘ri boshqarish va psixologik barqarorlik hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
“Attestatsiyada eng asosiysi — vaqtni to‘g‘ri boshqarish va o‘zini psixologik jihatdan boshqara olish.”
O’qituvchi testni ma’lum tartibda ishlaydi: avval oson savollar, keyin umumiy ko‘rib chiqish, so‘ngra qolgan savollarni tanlab ishlash.
“Avval oson matematika savollarini yechaman, keyin pedagogikani ko‘rib chiqaman, so‘ngra qolgan savollardan tez yechiladiganlarini tanlayman” — deydi u.
Eng muhim bosqich esa yakuniy tekshiruv. Ta’kidlaganidek:
“Oxirgi vaqtda yangi savolga o‘tmayman, barcha javoblarni yana bir bor tekshiraman.”
Hayajon masalasida esa qahramonimiz sodda fikr bildiradi:
“Imtihonga juda katta ahamiyat berib yubormaslik kerak. Aks holda miya faoliyati susayadi.”
Uning fikricha, testni oddiy mashq sifatida qabul qilish natijani yaxshilaydi.
98 ball ortidagi asosiy xulosa va tavsiyalar
Mirzakulovning ketma-ket uch attestatsiyada 98 ball natija ko‘rsatgani tasodif emas. U bunga olib kelgan asosiy omillarni aniq ko‘rsatadi.
“Eng asosiy omil — vaqtni to‘g‘ri boshqara olganim va hayajonni yenga olganim” — deydi u.
Shuningdek, tajriba, intizom va motivatsiya ham muhim ekanini ta’kidlaydi. Har yili attestatsiyada qatnashish unga o‘z ustida ishlash imkonini beradi.
“Har doim attestatsiya topshirish men uchun tajriba va o‘z ustimda ishlash imkoniyati bo‘ladi.”
Boshqa o‘qituvchilarga esa u quyidagi tavsiyalarni beradi:
“Past natijadan qo‘rqmaslik kerak. Har kim o‘rgana oladi, faqat hammaga har xil vaqt kerak.”
Suhbat yakunida u o‘qituvchilikdagi eng muhim jihatni ham aytib o‘tdi:
“O‘qituvchining eng katta yutug‘i — o‘quvchisining natijasini ko‘rish.”
Uning aytishicha, aynan shu narsa ustozni yanada ko‘proq ishlashga undaydi va yangi natijalarga olib keladi.
Avvalroq, attestatsiyada 94 ball olgan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bilan suhbat e’lon qilgan edik.
