Ertaga muhokamasi yakunlanadigan loyihada bitiruvchilar uchun asosiy va yagona davlat imtihonlari tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Loyihaga ko‘ra, 9- va 11-sinf bitiruvchilari 2 ta majburiy hamda 2 ta tanlov fanidan imtihon topshiradi. Majburiy fanlar qatorida tarix fani ko‘rsatilmagani esa jamoatchilik vakillari orasida e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
15-aprel kuni ‘‘Oʻquvchilarni qobiliyati va tanloviga qarab kasbiy yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish boʻyicha yagona davlat imtihonlari tizimini joriy etish toʻgʻrisida’’ Prezident Farmoni loyihasi muhokamalar portaliga joylandi.
Loyihaga ko‘ra, 9-sinf bitiruvchilari uchun bitiruv va o‘rta maxsus yoki boshlang‘ich professional ta’limga qabul jarayonlarini qamrab oluvchi asosiy davlat imtihonlari joriy etiladi. 11-sinf, shuningdek, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim bitiruvchilari uchun esa bitiruv hamda oliy va professional ta’limga qabulni o‘z ichiga olgan yagona davlat imtihonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hujjat ko‘ra, har ikki imtihonda ham O‘zbekiston tarixi fani majburiy fanlar ro‘yxatidan olib tashlanishi rejalashtirilgan. Ya’ni 9-sinf bitiruvchilari ham 11-sinf bitiruvchilari ham ona tili va matematikadan majburiy, shuningdek, yana 2 ta tanlov fanidan imtihon topshiradi.
Ammo bu tizim joriy yilgi imtihonlarga ta’sir qilmaydi. Abituriyentlar bu yil ham 3 ta majburiy va 2 ta tanlov fanlaridan imtihon topshiradilar.
Muhokamadagi loyihada tizimni bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida ayrim hududlarda aprobatsiya o‘tkaziladi. Asosiy davlat imtihonlari Navoiy va Farg‘ona viloyatining tanlangan shahar va tumanlarida, yagona davlat imtihonlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi. Tizimni 2027/2028 o‘quv yili yakunidan boshlab respublika bo‘yicha to‘liq amalga kiritish rejalashtirilgan.
Loyiha ertaga, 30-aprelga qadar muhokamada qoladi. Hozircha portalda bildirilgan reaksiya va izohlarda jamoatchilik yangi tizimga, jumladan, O‘zbekiston tarixi fanining majburiy fanlar qatoridan olib tashlanishiga e’tirozli reaksiya bildirganini ko‘rish mumkin:
Quyidagi havola orqali jamoatchilik muhokamasida ishtirok etish mumkin: LOYIHA


