‘‘Oʻquvchilarni qobiliyati va tanloviga qarab kasbiy yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish boʻyicha yagona davlat imtihonlari tizimini joriy etish toʻgʻrisida’’ Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi va muhokamalar portaliga joylandi.
Loyihaga ko‘ra, 9-sinf bitiruvchilari uchun bitiruv va o‘rta maxsus yoki boshlang‘ich professional ta’limga qabul jarayonlarini qamrab oluvchi asosiy davlat imtihonlari joriy etiladi. 11-sinf, shuningdek o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim bitiruvchilari uchun esa bitiruv hamda oliy va professional ta’limga qabulni o‘z ichiga olgan yagona davlat imtihonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, 9-sinf bitiruvchilari ona tili va matematikadan majburiy, shuningdek 2 ta tanlov fanidan imtihon topshiradi. 11-sinf va tegishli boshqa bitiruvchilar uchun ham 2 ta majburiy fan va 2 ta tanlov fani asosida yagona davlat imtihoni tashkil etiladi.
Loyihaga muvofiq, imtihonlar uchun ro‘yxatdan o‘tish har yili 1-yanvardan 31-martga qadar davom etadi. Imtihonlarni esa may–iyul oylarida o‘tkazish nazarda tutilgan. Shuningdek, milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bitiruvchilarni tegishli fan bo‘yicha imtihondan ozod qilish va ularga maksimal yoki tabaqalashtirilgan ball berish taklif etilmoqda.
Hujjatda tizimni bosqichma-bosqich joriy etish ham belgilangan. Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida ayrim hududlarda aprobatsiya o‘tkaziladi. Asosiy davlat imtihonlari Navoiy va Farg‘ona viloyatining tanlangan shahar va tumanlarida, yagona davlat imtihonlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi. Tizimni 2027/2028 o‘quv yili yakunidan boshlab respublika bo‘yicha to‘liq amalga kiritish rejalashtirilgan.
Loyihada Bilim va malakalarni baholash agentligiga imtihon platformasini ishlab chiqish, testlar elektron bazasini shakllantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, raqamli nazorat va proktoring mexanizmlarini joriy etish kabi vazifalar yuklatilgan. Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega shaxslar uchun qo‘shimcha sharoitlar, jumladan Brayl alifbosi, audio va elektron formatlar, surdotarjimon va qo‘shimcha vaqt ajratish ham nazarda tutilgan.
Mazkur loyiha ayni paytda muhokamalar portaliga qo‘yilgan bo‘lib, uning jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 30-aprelga qadar davom etadi.
Avvalroq, Oʻzbekistonda Yagona davlat imtihoni (YADI) joriy etilishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Biroq, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida joriy yilda ham oʻtgan yilgi tartib saqlanib qolishi va yagona davlat imtihoni keyingi yillarga qolgani taʼkidlangan edi.
