Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi 12-sonli umumtaʼlim maktabi ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Shoxsanam Xazratqulova attestatsiya imtihonida 94 ball toʻplab, 1-toifani qoʻlga kiritdi. U 70 foizlik ustamaga ega boʻlish bilan birga, vazir jamgʻarmasi ustamasiga ham nomzod boʻldi. Ish tajribasi hali 1 yildan biroz oshganiga qaramay, qisqa muddatda yuqori natijaga erishgan qahramonimiz bilan suhbatda tayyorgarlik jarayoni, strategiyalari va shaxsiy qarashlari haqida batafsil gaplashdik.
Oʻqituvchilik — bilim berish emas, fikrlashni oʻrgatish
Shoxsanam Xazratqulova bugungi oʻqituvchining vazifasiga kengroq yondashadi. Uning fikricha, oʻqituvchi faqat qoidalarni tushuntirib beruvchi emas.
“Bugungi oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi — shunchaki til qoidalarini oʻrgatuvchi emas, balki millat ruhini oʻquvchi qalbiga singdira oladigan shaxs boʻlishi kerak. Ona tilini mukammal bilish esa boshqa fanlarni oson oʻzlashtirish va mantiqiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deydi u.
Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda sunʼiy intellekt istalgan maʼlumotni tez topib bera oladi. Shu sabab oʻqituvchining vazifasi oʻquvchiga shunchaki bilim berish emas, balki uni toʻgʻri tanlash va anglashga oʻrgatishdan iborat.
“Koʻp maʼlumot bilgan inson goʻyo ensiklopediya boʻlishi mumkin. Ammo toʻgʻri oʻrgangan inson oʻz bilimidan foydalana oladi”, — deya qoʻshimcha qiladi u.
Qisqa muddat, ammo aniq reja asosida
Noyabr oyidagi attestatsiyada 80 ball olib, 2-toifaga ega boʻlgach, Shoxsanam Xazratqulova tayyorgarlikka jiddiyroq kirishadi. Vaqt esa yetarli emas — ish va magistratura bir vaqtda davom etmoqda. Shunga qaramay, imtihondan oldingi ikki haftani imkon qadar samarali oʻtkazishga harakat qiladi.
“Vaqtim juda cheklangan edi: bir tomondan ish, bir tomondan magistratura. Ammo aprel oyida universitetdan amaliyotga chiqarishdi, shu fursatdan foydalangan holda imtihonimdan 2 hafta oldin yangi nashr etilgan barcha darsliklarni oʻrganib chiqishni boshladim va soʻngi bir haftada koʻproq pedagogik mahorat va kasbiy standart koʻnikmalarini oʻzlashtirishga harakat qildim.”
Kunlik tartib ham aniq: har kuni 50 talik test ishlangan, har bir savol tahlil qilingan, yoʻl qoʻyilgan xatolar ustida qayta ishlangan. Bunga qoʻshimcha ravishda kamida oʻqituvchi 50 sahifa oʻqishga harakat qilganligini aytadi. Bu jarayonda asosiy urgʻu koʻp oʻqishga emas, oʻqilgan materialni chuqur tushunishga qaratilgan.
“Bilamiz, hamma fandan maʼlum kitoblar, manbalar spetsifikatsiyasi shakllantirilgan. Avvalo shularni oʻqib oʻrganish kerak deb hisoblayman. Shuningdek sinov.uz platformasidagi attestatsiya namunasidagi testlarni bajarish ham ancha foydali” — deydi Shoxsanam Xazratqulova.
Eng katta xato: “koʻp oʻqish” illyuziyasi
Suhbatdoshimizning fikricha, oʻqituvchilar orasida keng tarqalgan xatolardan biri — koʻp oʻqish orqali natijaga erishaman degan fikr.
“Oʻqituvchilar koʻpincha koʻp material koʻradi, koʻp darslarni tinglaydi. Lekin sifatli oʻrganmaydi. Natijada testda xatolar koʻpayadi”, — deydi u.
Grammatikani esa yodlashdan koʻra, tushunishga harakat qilganini aytadi:
“Grammatikani koʻpchilik yod olish kerak deb oʻylaydi, ammo tilni his qilmasdan natijaga erishib boʻlmaydi deb oʻylayman. Ishonmasangiz kerak, hozirgacha biron bir grammatik qoidani yoddan bilmayman”.
Mavzularni til tarixi va amaliy qoʻllanishi bilan bogʻlab oʻrganish esa bilimni mustahkamlagan.
Shuningdek, u oʻqituvchilar orasida keng tarqalgan “koʻp oʻqisam yetadi” degan qarashni notoʻgʻri deb hisoblaydi. Uning fikricha, sifatli oʻzlashtirilmagan bilim testda baribir natija bermaydi.
Testda eng muhim narsa — vaqtni toʻgʻri taqsimlash
Imtihon jarayonida u oʻziga qulay usulni tanlaganini aytadi. Dastlab kasbiy mahoratga oid savollarni, keyin fan boʻyicha topshiriqlarni, oxirida esa matnli savollarni bajargan.
“Avval oʻzi oson deb bilganlarni belgilab chiqib, Sal ikkilanish boʻlgan va koʻproq vaqt talab qiladigan savollarni eng oxiriga qoldirish kerak. Agar aksincha boʻlsa sizda oʻzingiz bilgan topshiriqlarni bajarishga vaqt yetmay qolishi mumkin.”, — deydi u.
Bu yondashuv unga vaqtni toʻgʻri taqsimlash imkonini bergan: testni 48 daqiqada yakunlab, yana tekshirib chiqishga ham vaqt topgan.
Oʻqituvchimiz imtihon paytidagi hayajon haqida ham ochiq gapirdi. Uning aytishicha, hayajon aynan jarayon oʻrtasida sezilgan, ammo diqqatni jamlash orqali vaziyatni boshqara olgan.
Muvaffaqiyat erishishdagi muhim omillar haqidagi savolimizga esa shunday deydi:
“Tajriba va intizom ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ammo motivatsiyaning oʻrni kattaroq deb oʻylayman. Oʻzimni oʻzimga isbotlash va yaxshi natija orqali maoshimni oshirishni xohladim. Ota-onamning qoʻllab-quvvatlashi ham katta rol oʻynadi”.
“Bu — yangi bosqichning boshlanishi”
“Maktab jamoamiz juda xursand boʻldi, — deydi Shoxsanam Xazratqulova. — Oʻquvchilarimning quvonchi esa undan ham ziyoda boʻldi. Shu natija orqali ularga amaliy oʻrnak boʻla oldim deb oʻylayman. Endi ular menga boshqacha — yanada ishonch bilan qarashyapti.
Suhbat davomida u bu natijani yakun sifatida emas, yangi bosqichning boshlanishi sifatida koʻrayotganini ham aytadi:
“Bu — yangi bosqichning boshlanishi. Oldinda hali katta maqsadlar bor”.
“Oʻquvchining oʻsishini koʻrish — eng katta mukofot”
“Oʻquvchilaringizning oʻsayotganini, nimanidir tushunayotganini koʻrish — oʻqituvchi uchun eng katta mukofot”, — deydi u.
Oʻzi kabi yangi faoliyat boshlayotgan oʻqituvchilarga esa u quyidagi maslahatlarni beradi:
“Darsga shunchaki maʼlumot berish uchun emas, bolaning hayotini oʻzgartirish uchun kiring. Oʻz faningizni mukammal bilish — bu sizning qurolingiz, lekin uni oʻquvchi ruhiyatiga qanday singdirishingiz sizning sanʼatingiz. Xatolaringizni eng yaxshi ustoz deb biling. Har bir darsni oʻquvchi uchun yangi kashfiyotga aylantiring”.
