Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirishda nimalarni bilish kerak?

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirishda nimalarni bilish kerak?

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga 2026/2027-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli may-iyun oylarida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu maqolada Agentlik tizimidagi maktablarda o‘qish pulli yoki bepulligi, hujjat topshirish tartibi, talab qilinadigan hujjatlar, qabul kvotalari, hududiy cheklovlar hamda baholarga qo‘yiladigan talablar yuzasidan eng ko‘p so‘ralayotgan savollarga javob beriladi.

 

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda o‘qish pullikmi?

 

Agentlik tizimidagi maktablarda o‘qish mutlaqo bepul bo‘lib, o‘quvchilarning ta’lim olishi, yotoqxona va ovqatlanish bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.

 

Agentlik tizimidagi maktablarga hujjatlar qabuli qachon boshlanadi?

 

2026/2027-o‘quv yili uchun Agentlik tizimidagi maktablarga hujjatlar qabuli may-iyun oylarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

 

Agentlik tizimidagi prezident maktablariga ariza  topshirishda  qanday  hujjatlar talab qilinadi?

 

Prezident maktablariga ariza topshirish uchun o‘quvchilarning:

 

– oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;

 

– tug‘ilganlik haqida guvohnomasi (ya’ni metrkasi);

 

– tegishli oʻquv yili natijasiga koʻra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi yoki QR kod bilan tasdiqlangan elektron tabel;

 

– ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti ma’lumotlari;

 

– bog‘lanish uchun telefon raqamlari talab qilinadi.

 

Prezident  maktablariga qaysi sinfga necha nafar o‘quvchi qabul qilinadi?

 

Umumtaʼlim muassasalarining 4-sinfini tamomlagan oʻquvchilar prezident maktablarining 5-sinfiga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida ikkita sinfga 12 nafardan (jami 24 nafar) qabul qilinadi.

 

O‘quvchi respublikadagi xohlagan prezident maktabiga hujjat topshira oladimi?

 

Yo‘q. O‘quvchilar faqat ta’lim olayotgan hududdagi Prezident maktabiga hujjat topshirishi mumkin. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi maktab oʻquvchilari faqat Nukus shahridagi Prezident maktabiga, Andijon viloyatidagi maktab oʻquvchilari esa faqat Andijon shahridagi Prezident maktabiga hujjat topshirishlari mumkin.

 

Prezident maktabiga hujjat topshirish uchun o‘quvchining baholariga qanaqa talab qo‘yiladi?

 

Talabgor o‘quvchining matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik bahosi 5 (aʼlo) boʻlishi kerak. Boshqa fanlarga nisbatan ushbu mezon tatbiq etilmaydi. Baholar tabelining nusxasi maktab direktori tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart.

 

Agentlik tizimidagi ijod maktablariga ariza topshirishda qanday hujjatlar  talab qilinadi?

 

Ijod maktablariga ariza topshirish uchun o‘quvchilarning:

 

– oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;

 

– tug‘ilganlik haqida guvohnomasi (ya’ni metrkasi);

 

– ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti ma’lumotlari;

 

– bog‘lanish uchun telefon raqamlari talab qilinadi.