Boshqarma ruxsatisiz aktrisa bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazgan maktabga chora ko‘riladi

Boshqarma ruxsatisiz aktrisa bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazgan maktabga chora ko‘riladi

Toshkent viloyatidagi maktablarning birida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tadbirda aktrisa Nilufar Hamidova ham ishtirok etgan. Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi. 

 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu voqea 2026-yil 21-aprel kuni soat 13:10 da Oqqo‘rg‘on tumanidagi 48-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida sodir bo‘lgan.

 

Tadbir Oqqo‘rg‘on tumani hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan “ijodiy uchrashuv” doirasida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Qushtamg‘ali” mahallasi yoshlar yetakchisi O. A tomonidan ma’lum qilingan.
Shunga asosan, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A. R tomonidan konsert-tomosha maktab hududida tashkil etilgan.

 

Biroq, mazkur tadbir haqida Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limiga oldindan ma’lumot taqdim etilmagan. Bu esa belgilangan tartib-qoidalarning qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatadi.

 

Hozirda holat yuzasidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.

 

Qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish yakunlariga ko‘ra taqdim etiladi, – deyiladi boshqarma xabarida.