AQSHda maktab avtobusi haydovchisi yo‘l davomida astma xuruji tufayli boshqaruvni yo‘qotgan. 12–15 yoshli o‘quvchilar vaziyatni tezkorlik bilan qo‘lga olib, avtobusni xavfsiz to‘xtatgan hamda haydovchining hayotini saqlab qolgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Missisipi shtatidagi Kiln shahrida, Hancock Middle Schooldan yo‘lga chiqqan avtobusda sodir bo‘lgan. Avtobus haydovchisi — 46 yoshli Liya Teylor yo‘l davomida astma xurujiga uchrab, rul boshqaruvida hushidan ketgan.
Shu vaqtda avtobus yo‘ldan chiqib keta boshlagan. 12 yoshli o‘quvchi Jekson Kasnave vaziyatni payqab, darhol oldinga o‘tib, rulni ushlab qolgan va transportni yo‘lda ushlab turishga harakat qilgan.
“O‘ylashga vaqtim yo‘q edi. Faqat hech kim zarar ko‘rmasligini o‘yladim”, — deydi u.
O‘quvchilardan yana Darrius Klark avtobus tezlashayotganini sezib, tormozni bosishga uringan.
“U yana hushidan ketdi, avtobus esa oldinga yurishda davom etardi. Tormozni bosganimda, deyarli old oynadan uchib ketayozdim”, — deydi Darrius Klark.
O‘quvchilar birgalikda harakat qilib, avtobusni sekinlashtirishga va uni yo‘l o‘rtasidagi xavfsiz hududda to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan.
Shu paytda 13 yoshli Keyli Klark 911 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez yordam chaqirgan.
“Juda qo‘rqdim, lekin yordam berishim kerak edi”, — deydi u.
Boshqa o‘quvchilar ham befarq bo‘lmagan. Xususan, 15 yoshli Destini Kornelius haydovchining yonida bo‘lgan ingalyatordan foydalanishga harakat qilgan. 13 yoshli Makkenzi Finch esa haydovchining boshini ushlab, uning holatini nazorat qilib turgan.
Voqea joyiga yetib kelgan favqulodda xizmat xodimlari haydovchiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatgan. Keyinchalik uning ahvoli yaxshilangani ma’lum qilingan.
Maktabda o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘quvchilar jasorati uchun alohida taqdirlangan. Haydovchi esa ularning harakatini yuqori baholab, shunday deydi:
“Ular mening hayotimni saqlab qolishdi.”
