“Maqsad sari qat’iyat bilan intilsangiz, har qanday cho‘qqini zabt etish mumkin” — milliy sertifikat sohibasi bilan suhbat

“Maqsad sari qat’iyat bilan intilsangiz, har qanday cho‘qqini zabt etish mumkin” — milliy sertifikat sohibasi bilan suhbat

Milliy sertifikat imtihonlarida yuqori natija qayd etayotgan o‘quvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bunday muvaffaqiyat ortida esa uzoq muddatli mehnat, to‘g‘ri rejalashtirilgan vaqt va kuchli motivatsiya yotadi. Farg‘ona viloyati Beshariq tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ergasheva Muxlisaxon ham ana shunday qat’iyatli yoshlar qatorida. U bilan milliy sertifikatga tayyorgarlik jarayoni, muvaffaqiyat sirlari va tengdoshlariga tavsiyalari haqida suhbatlashdik.

 

— Qaysi oliygoh va yo‘nalishga hujjat topshirmoqchisiz?

 

— Men Ergasheva Muxlisaxon, Farg‘ona viloyatidagi Beshariq tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisiman. Mening eng katta orzum va asosiy maqsadim — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) talabasi bo‘lish.

 

— Sertifikat olish g‘oyasi qachon paydo bo‘lgan va tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi?

 

— Sertifikat olish g‘oyasi menda 9-sinfligimda paydo bo‘lgan. Yuqori sinf o‘quvchilarining erishgan natijalariga havas qilganman. Shu havas asta-sekin maqsadga aylandi. Maqsad sari intilish natijasida ilk jiddiy yutug‘imga 10-sinfdayoq erishishga muvaffaq bo‘ldim.

 

— Har bir fandan sertifikat uchun qancha muddat tayyorlandingiz?

 

— Har bir fanning murakkablik darajasidan kelib chiqib vaqtimni quyidagicha taqsimladim:

 

Matematika — 6 oydan ko‘proq (eng ko‘p mehnat va vaqt talab qilgan fan)

Ingliz tili — 3 oy

Ona tili — qariyb 1 oy

Tarix — 3 hafta

 

Men uchun eng qiyin fan ona tili bo‘ldi. Eng oxirgi imtihonni ham shu fandan topshirdim. Ba’zan fikrim kelmas, yozishda qiynalardim. Juda ham qiyin bo‘lgan, lekin oxir-oqibat kutganimdan ham yuqori natijaga erishdim.

 

— Tayyorgarlikda siz qo‘llagan eng samarali usul qaysi?

 

— Test yechish paytida men dunyodan butunlay uzilaman. Hech qanday chalg‘ituvchi omilga — shovqin yoki telefonga joy qoldirmayman. O‘zimni xuddi haqiqiy imtihonda o‘tirgandek tasavvur qilaman. Bu usul diqqatni maksimal darajada jamlashga yordam beradi.

 

— Test savollari qanchalik qiyin bo‘ldi?

 

— Savollar mantiqiy va chuqur bilim talab qiladigan edi. Tayyorgarligim yaxshi bo‘lgani uchun kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelmadim, lekin har bir savolga maksimal diqqat bilan yondashdim.

 

— Bir vaqtning o‘zida maktab darslari va sertifikat tayyorgarligiga qanday ulgurdingiz?

 

— Men uchun asosiy qoida — vaqtni filtrlash. Samarasiz o‘tgan har qanday vaqtni o‘zimga dushman deb bilaman. Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni muvozanatda ushlash uchun har bir soatimni aniq rejalashtirdim.

 

— Tayyorgarlik paytida uyqu rejimi qanday bo‘ldi?

 

— Men uyquni kanda qilmayman. Tunda uxlamay dars qilib yutuqqa erishdim desa kimdir, men bunga hayron qarayman. Chunki uyquni yaxshi ko‘raman. Uyqum kelganda o‘zimni majburlab dars qilmayman, dam olaman. Bu miyaga keyingi kun uchun yangi kuch beradi. Sifatsiz uyqu miyani charchatadi va samarali bilim olishga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, sog‘liq uchun ham zararli.

 

— Tayyorgarlik jarayonida tushkunlikka tushgan paytlaringiz bo‘ldimi?

 

— Albatta, bunday paytlar bo‘lgan. Shunda ota-onamning xursandchiligini va 10 yildan keyingi muvaffaqiyatli kelajagimni tasavvur qilib, o‘zimga motivatsiya berganman. Atrofdagi salbiy gap-so‘zlarga e’tibor bermaslikni o‘rgandim. Psixologik tayyorgarlik ham juda muhim.

 

— Testda yuqori ball olish uchun qanday xatolardan qochish kerak?

 

— Eng katta xatolar — vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash va shoshqaloqlik. Ko‘pincha savolni oxirigacha o‘qimay xato qilganman. Keyinchalik bu ustida ishladim. Hozir qo‘llaydigan usulim — savolni oxirigacha diqqat bilan o‘qish va chalg‘ituvchi variantlarni darhol chiqarib tashlash.

 

— Telefon va ijtimoiy tarmoqlar sizni chalg‘itdimi?

 

— Telefon — iroda masalasi. Men undan ko‘pincha onlayn darslar uchun foydalandim. Boshida chalg‘igan paytlarim bo‘lgan, lekin buni tushungan zahotim keraksiz tarmoqlardan voz kechdim. Telefonni ilm uchun ishlatsangiz — eng yaqin do‘st, maqsadsiz ishlatsangiz — eng katta dushmandir.

 

— Milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlaringizga qanday maslahat berasiz?

 

— Eng muhim maslahat: befoyda narsalarga vaqt sarflamang, o‘z maqsadingiz yo‘lida qat’iy turing. Muntazamlik va o‘ziga ishonch har qanday cho‘qqini zabt etishga yordam beradi.

 

— Siz kabi yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar sonini ko‘paytirish uchun maktablarda nimani o‘zgartirish kerak deb o‘ylaysiz?

 

— O‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish va har bir yutuqni munosib rag‘batlantirish kerak. Bundan tashqari, nazariya bilan birga real imtihon muhitini his qildiruvchi mock (sinov) testlarini ko‘proq tashkil etish foydali bo‘ladi.

 

Shuningdek, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Abdurazzoqova Kumush Oybek qizi ham bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Avvalroq, u bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni ham e’lon qilgan edik.