Samarqand shahridagi 1-maktab direktori faoliyati yuzasidan bildirilgan noroziliklarga rasmiy munosabat bildirildi

Samarqand shahridagi 1-maktab direktori faoliyati yuzasidan bildirilgan noroziliklarga rasmiy munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 1-umumtaʼlim maktabi direktori faoliyati yuzasidan ayrim ota-onalar tomonidan bildirilgan norozilik murojaatlari bildirilgan xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga koʻra, vaziyat Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan oʻrganib chiqilgan.

 

Murojaatda maktab direktori tomonidan rus tilida taʼlim olib borilayotgan sinflar qisqartirilayotgani haqida bildirilgan daʼvolar asossiz ekani aniqlangan. Xususan, Samarqand shahridagi 1-umumtaʼlim maktabida jami 73 ta sinf mavjud boʻlib, ularda 2581 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Mazkur sinflarning 41 tasida taʼlim jarayoni rus tilida olib borilmoqda.

 

Shuningdek, oʻrganishlar davomida rus sinflarga dars berayotgan oʻqituvchilar ishdan boʻshatilgani haqidagi xabarlar ham oʻz tasdigʻini topmagan.

 

Facebook ijtimoiy tarmogʻida rus tilida taʼlim olib boriladigan boshlangʻich sinflarga dars bergan oʻqituvchi D.V.ni ishga qaytarish boʻyicha murojaat qoldirilgan. Oʻrganishlar natijasida aniqlanishicha, oʻqituvchi D.V. 2025-yil avgust oyida oʻz arizasiga koʻra, ishdan boʻshagan va boshqa ishga oʻtgan. Joriy oʻquv yili boshidan esa 3-“G” sinfda (avval D.V. dars bergan sinfda) 35-yillik mehnat stajiga ega oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi M.A. hamda birinchi toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi G.S. dars oʻtib kelmoqda.

 

Bundan tashqari, murojaatda sud orqali ishga tiklangan mutaxassis toifadagi matematika fani oʻqituvchisi O.S. masalasi ham koʻtarilgan. Oʻrganishlar davomida ushbu oʻqituvchi 2025-yil 5-sentyabr sanasi bilan ishga qayta tiklangani, unga 10 soat dars yuklamasi belgilanganiga qaramasdan, maktabga ishga kelmayotgani aniqlangan.

 

“Murojaatda yosh oʻqituvchilarni ishga jalb etish masalasi ham tilga olingan. Maʼlum boʻlishicha, maktabda rus tilida taʼlim olib boriladigan yuqori sinflardagi mavjud vakant lavozimlarga Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand pedagogika institutining rus guruhlarida tahsil olayotgan 3–4-kurs talabalari bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari tuzilib, ular taʼlim jarayoniga jalb etilgan” — deyiladi xabarda.