Namangan shahar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Abdumutalov Akobir 4 ta fandan sertifikatlar olish orqali muddatidan oldin 189 ballni qo‘lga kiritdi. U ingliz tilidan CEFR B2, matematikadan A, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan C+ darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Akobir 11-sinfga o‘tmasdan turib muddatidan oldin talaba bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib, unga erishishga muvaffaq bo‘ldi. U kelgusida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
O‘quvchining aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfda paydo bo‘lgan. Aynan o‘sha davrdan boshlab u o‘z ustida jiddiy ishlashni boshlagan.
O‘zimga aniq maqsad qo‘ydim va shu maqsad sari harakat qildim. Natija birdaniga kelmadi, ammo muntazam mehnat o‘z samarasini berdi.
Matematika fanidan A darajasini qo‘lga kiritish uchun 1,5 yil tayyorlangan. Ingliz tilidan CEFR sertifikati uchun 3 oy, ona tili va tarix fanlari bo‘yicha esa bir yarim oy davomida tayyorgarlik olib borgan.
Akobirning fikricha, yuqori natija ortida yashirin formulalar emas, balki intizom va muntazam mehnat turadi.
Men uchun eng samarali narsa — muntazamlik bo‘ldi. Har kuni belgilangan vaqtni matematika, ingliz tili, ona tili va tarix fanlariga ajratib, mavzularni takrorlab bordim. Qiyin joylarni alohida ishlab, ko‘p test yechdim. Shu tartibli tayyorgarlik yuqori natijaga erishishimga yordam berdi.
Tayyorgarlik davomida o‘qituvchilari tavsiya qilgan adabiyotlar va test to‘plamlaridan keng foydalangan.
Vaqtni boshqarish natijaga olib keldi
Maktabdagi darslar va sertifikat tayyorgarligini bir vaqtda olib borish oson emas. Akobir ham boshqa ko‘p o‘quvchilar kabi barchasiga ulgurishning kaliti vaqtni to‘g‘ri rejalashtirishda deb hisoblaydi.
Men vaqtni oldindan rejalashtirishga harakat qilardim. Maktabdagi darslarimni diqqat bilan o‘zlashtirib, uyga kelgach sertifikat tayyorgarligi uchun alohida vaqt ajratardim. Har kuni ma’lum soatlarni muayyan fanlarga bag‘ishladim. Muhimi, vaqtni bekorga sarflamaslik va muntazamlikni saqlash bo‘ldi. Shu yo‘l bilan maktabdagi o‘qishimni ham, sertifikat tayyorgarligini ham birga olib bora oldim, — deydi u.
Har qanday katta maqsad yo‘lida qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Akobir ham ayrim paytlarda tushkunlikka tushganini yashirmaydi.
Ba’zan motivatsiya pasaygan vaqtlar bo‘lgan. Shunday paytlarda maqsadimni eslab, ishlashda davom etardim. Psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim. Chunki stressni yenga olsangiz, bilimingizni ham to‘g‘ri namoyon qila olasiz, — deydi u.
Telefon — dushman emas
Bugungi kunda ko‘pchilik telefonni o‘quvchilar muvaffaqiyatiga to‘sqinlik qiladigan vosita sifatida ko‘radi. Akobir esa bunga boshqacha qaraydi.
Menimcha, muammo telefonning o‘zida emas, undan qanday foydalanishda. Tayyorgarlik paytida ijtimoiy tarmoqlarga ketadigan vaqtni cheklashga harakat qildim va telefonni asosan o‘qish hamda kerakli ma’lumotlar uchun ishlatdim. Vaqtni nazorat qilsangiz, telefon foydali vositaga aylanishi mumkin, — deydi u.
Akobirning fikricha, katta natijalarga erishish uchun eng muhim omillar — o‘ziga ishonch va muntazam harakatdir.
Har kuni oz bo‘lsa ham oldinga qadam tashlash kerak. Ba’zan natija darrov ko‘rinmasligi mumkin, lekin muntazam mehnat albatta o‘z samarasini beradi. Eng asosiysi, qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmaslik kerak. Shu bilan birga, eng katta xato — shoshilish va savolni oxirigacha o‘qimaslik. Testda avval oson savollarni ishlab, qiyinlariga keyinroq qaytish foydali. Shuningdek, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va javoblarni tekshirib chiqish ham kam xato qilishga yordam beradi, — ta’kidlaydi o‘quvchi.
Bugungi kunda Akobir nafaqat mavjud bilimlarini mustahkamlash, balki yangi tillarni o‘rganish ustida ham ishlamoqda. U ingliz tilini yanada mukammallashtirish bilan birga rus va arab tillarini ham o‘rganmoqda.
Akobirni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Аndijondagi maktabning 10-sinf o‘quvchisi Аbdurashitov Аsadbek ham 4 ta fandan sertifikatlar olib, muddatidan oldin 189 ball to‘plagani haqida xabar bergan edik.
