Endi maktablarda “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi

Endi maktablarda “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi

Prezidentning 2026-yil 15-yanvarda “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o’rtasida kitob o’qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ–9-son qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko’ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg’armasi tashkil etiladi uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi.

 

Jamg’arma mablag‘lari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi belgilandi:

 

– tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yo’nalishidagi loyihalarni qo’llab-quvvatlash;

 

– tanlov orqali iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida 1 yilgacha BHMning 50 baravari miqdorida har oy haq to’lash;

 

– eng sara xorijiy adabiyotlarni o’zbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;

 

– vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to’lash.

 

2026-yil 1-fevraldan:

 

  • aholi, ayniqsa, yoshlar o’rtasida kitobxonlikni targ’ib qilish bo’yicha “Kitob – ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
  • davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
  • transportlarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog’i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o’rnatiladi.

 

Umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi:

 

– klub a’zolari o’rtasida kitob tahliliga bag’ishlangan debatlar o’tkaziladi;

 

– maktablarda klub a’zolariga yiliga kamida 20 ta kitob o’qitib boriladi;

 

– har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari a’zolari rag’batlantiriladi.

 

Ma’lumot uchun, Qarorni qabul qilishdan ko’zlangan asosiy maqsad 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi (1 odam o’qiydigan kitob soni)ni yiliga o’rtacha 10 ta kitobga yetkazish etib belgilandi.