Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 2-son texnikumda o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan xodim ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Xabaringiz bor, Jarqo‘rg‘on tumanidagi texnikumda ishlovchi erkak voyaga yetmagan o‘quvchiga nisbatan shahvoniy harakatlar qilishga uringani uchun 5 sutkaga qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Holat yuzasidan Kasbiy ta’lim agentligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Unda ma’lum qilinishicha, joriy yilning 30-sentyabr kuni o‘quvchining otasi mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari va sud muhokamasi natijasida holatga huquqiy baho berilib, tegishli jazo chorasi qo‘llanilgan.
Holat aniqlanishi bilan Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan texnikumda xizmat o‘rganishi tashkil etilgan. O‘rganish davomida voqea sabablari va mas’ul xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishi holati tekshirilgan.
Natijalarga ko‘ra, texnikum direktorining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari I. Ch. hamda psixolog Y. K. lavozimlaridan ozod etilgan.
Shuningdek, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari D.T., ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari B.U. hamda fizika fani o‘qituvchisi G. T. ga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
O‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan ishlab chiqarish ta’limi ustasi K.E.E. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi esa qonunchilik talablari va Kasbiy ta’lim agentligi direktorining “Kasbiy ta’lim agentligi tizimida mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq bir tomonlama bekor qilingan.
Avvalroq, Toshkentdagi maktabda qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qilgani haqida xabar berilgandi.
