O‘zbekistonda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda maktabgacha va maktab ta’limi sohalarining yagona vazirlikka birlashtirilishi boshqaruv tizimini o‘zgartirdi. Endi asosiy savol, bu o‘zgarish ta’lim sifati, universitetlar mustaqilligi va ilm-fan rivojiga qanday ta’sir qiladi?
AIFU rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor G‘olibjon Botirovning fikricha, ikki vazirlikni birlashtirishning o‘zi yetarli emas. Ta’lim va ilm-fanni boshqarish usullari ham o‘zgarishi kerak. U Telegram sahifasida yangi tizim uchun to‘qqizta taklifini bildirdi.
- Universitetlarga qog‘ozda emas, amalda mustaqillik berish
Oliy ta’lim muassasalariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilgan. Shunga qaramay, ayrim qarorlarni yuqori tashkilotlar bilan kelishish yoki ulardan ruxsat olish amaliyoti saqlanib qolmoqda, deydi professor.
Botirov davlat organlarining qonunchilikda nazarda tutilmagan qo‘shimcha kelishuv va ruxsatlarni talab qilishini aniq norma bilan cheklashni taklif etmoqda. Uningcha, davlat universitetning kundalik qarorlariga aralashish o‘rniga, undan sifatli ta’lim va aniq natija talab qilishi kerak.
- Hisobotlarni kamaytirib, vaqtni ta’limga sarflash
Universitetlardan bir xil ma’lumot turli idoralarga va turli shakllarda qayta-qayta so‘raladi. Bu ma’lumotlarning bir qismi davlat elektron bazalarida allaqachon bor. Ammo ularni yana tayyorlashga o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarining vaqti ketmoqda.
Professor mavjud hisobotlarni qayta ko‘rib chiqish, zarur ma’lumotlarni yagona raqamli tizimda jamlash va idoralararo almashuvni yo‘lga qo‘yishni taklif qiladi. Davlat axborot tizimlarida mavjud ma’lumotni ta’lim tashkilotidan qayta talab qilishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
- Seminarlar sonini emas, ta’lim natijasini baholash
Professorning kuzatuvicha, ta’lim tashkilotlari faoliyatini baholashda ba’zan o‘tkazilgan tadbir va tayyorlangan hisobotlar soni ustun keladi. Aslida esa o‘quvchi nimani o‘rgandi, talaba qanday ko‘nikma egalladi va bitiruvchi mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oldimi — asosiy mezon shular bo‘lishi lozim.
Shu sababli u maktabgacha ta’limdan universitetgacha baholash tizimini bosqichma-bosqich o‘zgartirish, jarayon ko‘rsatkichlaridan ko‘ra o‘quvchilarning bilim va kompetensiyalari hamda bitiruvchilarning natijalariga ko‘proq e’tibor berishni taklif qilmoqda.
- Bog‘chadan universitetgacha uzviy dastur yaratish
Maktab, professional ta’lim va universitetning o‘z talablari bor. Ammo bu talablar doim ham bir-birini to‘ldirmaydi. Natijada talaba oldingi bosqichda egallashi kerak bo‘lgan ayrim bilimlarni universitetda qaytadan o‘rganadi.
Botirov ta’lim bosqichlari uchun yagona kompetensiyalar tizimini ishlab chiqish tarafdori. Har bir bosqichda o‘quvchi nimalarni bilishi va qila olishi aniq belgilansa, keyingi bosqich avvalgisining mantiqiy davomi bo‘ladi. “O‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti” ham shu tizimga bog‘lanishi kerak.
- Katta islohotni birdaniga emas, sinovdan keyin joriy etish
Ta’limdagi yirik qarorlar millionlab o‘quvchi va talabalar, yuz minglab pedagoglarga ta’sir qiladi. Shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qaror natijasidagi xatoni tuzatish esa qimmatga tushishi mumkin.
Professor yangi tizimli o‘zgarishlarni avval cheklangan miqyosda tajriba-sinovdan o‘tkazish, natijalarini mustaqil baholash va shundan keyingina keng joriy etishni taklif etadi. Uningcha, sinov va baholash islohotning ajralmas qismiga aylanishi zarur.
- Fundamental fan bilan innovatsiyani bir mezonda o‘lchamaslik
Yangi nazariya ustida ishlayotgan matematikdan qisqa muddatda tayyor mahsulot talab qilish to‘g‘ri emas. Fundamental tadqiqot yangi bilim va ilmiy maktab yaratadi; uning iqtisodiy samarasi yillar o‘tib ko‘rinishi mumkin. Amaliy tadqiqotdan muayyan muammoning yechimi, innovatsiyadan esa texnologiya yoki bozorga chiqadigan mahsulot kutiladi.
Botirov ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va baholashda shu farqlarni hisobga olishni taklif qilmoqda. Fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning har biri uchun alohida natijadorlik mezonlari va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilanishi kerak.
- Ilmiy grantlarni mamlakatning katta muammolariga bog‘lash
O‘zbekistonda ilmiy loyihalar va grantlar mavjud. Biroq ular birgalikda qaysi milliy muammoni hal qilayotgani ham muhim, deydi professor. Masalan, suv tanqisligini faqat irrigatsiya mutaxassislari hal qila olmaydi. Bunda matematika, gidrologiya, agronomiya, iqtisodiyot, muhandislik va sun’iy intellekt birgalikda ishlashi kerak.
Shu maqsadda Botirov uzoq muddatli milliy ilmiy missiyalarni shakllantirishni taklif etgan. Bu missiyalar suv, energetika, iqlim, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa yirik masalalar atrofida fanlararo hamkorlikni birlashtirishi lozim. Universitetlar, Fanlar akademiyasi institutlari, biznes, davlat idoralari va xorijiy ilmiy markazlar umumiy vazifalar ustida ishlaydi. Ilmiy dasturlar, infratuzilma va grantlarning muayyan qismi ana shu ustuvor yo‘nalishlarga bog‘lanadi.
- Universitet va ilmiy institutlar o‘rtasidagi masofani qisqartirish
Olimlar ko‘proq tadqiqot institutlarida, talabalar esa universitetlarda jamlangan. Bu ikki muhitning imkoniyatlari har doim ham birlashmaydi. Natijada talaba ilmiy laboratoriya va tajribali tadqiqotchiga kechroq yaqinlashadi, institutlar esa iqtidorli yoshlarni erta jalb etish imkoniyatini boy beradi.
Professor qo‘shma akademik lavozimlar, birgalikdagi magistratura va doktorantura dasturlari, laboratoriya hamda uskunalardan umumiy foydalanish tizimini taklif qiladi.
“Universitet faqat ta’lim beradigan, ilmiy institut esa faqat tadqiqot qiladigan joy bo‘lib qolmasligi kerak. Ta’lim va ilm-fanni bitta vazirlikka birlashtirayotgan ekanmiz, endi ularni faqat tashkiliy jihatdan emas, mazmunan ham birlashtirishimiz kerak”, — deydi Botirov.
- Bugungi emas, kelajakdagi ish o‘rinlari uchun kadr tayyorlash
Hozir o‘qishga kirgan talaba mehnat bozoriga to‘rt-besh yildan keyin chiqadi. Shu vaqt ichida texnologiyalar, kasblar va ish beruvchilarning talabi o‘zgarishi mumkin. Faqat bugungi bo‘sh ish o‘rinlariga qarab kadr tayyorlash shuning uchun yetarli emas.
Botirov besh-o‘n yillik ehtiyojni oldindan baholaydigan Milliy kompetensiyalar prognozini joriy etishni taklif qilmoqda. Unda investitsiya loyihalari, hududlarning ixtisoslashuvi, demografiya, iqtisodiy rivojlanish va sun’iy intellektning kasblarga ta’siri hisobga olinadi. Prognoz natijalari esa qabul kvotalari, davlat grantlari va ta’lim dasturlarini belgilashga xizmat qiladi.
“Ta’lim tizimi mehnat bozorining ortidan yurishi emas, balki uning kelajakdagi ehtiyojini oldindan ko‘rib, unga mos taklif bera olishi kerak”, — deydi professor.
Professorning to‘qqizta taklifini bir fikr birlashtiradi: vazirliklar birlashganidan keyin boshqaruvdagi eski tartiblar o‘zgarishsiz qolmasligi kerak. Islohotning natijasi yangi tuzilma bilan emas, o‘quvchi olgan bilim, universitetning erkinligi va ilm-fanning jamiyatga keltirgan foydasi bilan o‘lchanadi.
