Hokim Erkinjon Turdimov Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlanishi kutilmoqda

Hokim Erkinjon Turdimov Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlanishi kutilmoqda

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hokim lavozimidan ozod etildi. Maʼlumotlarga koʻra, yangi tashkil etilgan Taʼlim va ilm-fan vazirligiga Erkinjon Turdimov vazir etib tayinlanishi kutilmoqda.

 

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevning ham vazir etib tayinlanishi mumkinligi haqida ham maʼlumotlar bor.

 

Hozircha nomzodlar haqidagi maʼlumotlar norasmiy boʻlib, vazir tayinlovi yuzasidan rasmiy xabar eʼlon qilinmagan.

 

Erkinjon Turdimov 1991—1995-yillarda «Oʻzsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida boʻlim mutaxassisi, 1996—2000-yillarda Oʻzbekiston Milliy banki Navoiy boʻlimi boshqaruvchisi, 2000—2008-yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi, 2008-yilda — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

 

Erkinjon Turdimov 2008—2016-yillarda Navoiy viloyati hokimi, 2009—2016-yillarda xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati, 2016—2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimi, 2018—2024-yillarda Samarqand viloyati hokimi vazifasida ishlagan. 2025-yil yanvarda Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan va bugun 10-oktyabr hokim lavozimidan ozod etildi.

 

Shuningdek, Turdimov 2011-yilda Mehnat shuhrati ordeni bilan, 2024-yilda Fidokorona mehnatlari uchun ordeni bilan mukofotlangan.

 

Alisher Saʼdullayev 2017-yilda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil 30-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari etib tayinlandi. 2018-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi oʻrinbosari, 2019-yil 29-avgustda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisi etib tayinlandi.

 

2020-yil 17-yanvarda Senat aʼzosi etib tayinlandi va Oʻzbekiston tarixidagi eng yosh senatorga aylandi. 2020-yil 10-iyulda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi va Alisher Saʼdullayev agentlik direktori etib tayinlandi.

 

Alisher Saʼdullayev, shuningdek, Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.