Prezident Farmoni bilan ikki vazirlik – Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari tugatilib, negizida yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Bugun Erkinjon Turdimov yangi tashkil etilgan vazirlikka vazir hamda Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.
Ushbu vazirlik zimmasiga mamlakatdagi taʼlim tizimining barcha asosiy boʻgʻinlarini — maktabgacha taʼlimdan boshlab umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlimgacha, shuningdek, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim va ilm-fan yoʻnalishlarini yagona boshqaruv tizimi doirasida muvofiqlashtirish vazifasi yuklanadi.
Xoʻsh, endi Oʻzbekistonda taʼlim boshqaruvi qanday tashkil etiladi?
Taʼlim va ilm-fan vazirligi — joriy faoliyat va tashkiliy ishlarga javob beradi. Taʼlim sifati, yangi maktablar, bolalar bogʻchalari va universitetlar qurilishi, shuningdek, tarbiya jarayoni va bolalar manfaatlarini himoyalash ularning tasarrufidadir.
Taʼlimni rivojlantirish markazi — taʼlim laboratoriyasi vazifasini bajaradi. Markaz mutaxassislari darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, dasturlar va metodikalarni ishlab chiqadi, shundan soʻng ularni amaliyotga joriy qiladi, monitoring olib boradi va takomillashtiradi.
Zafar Hoshimov rahbarligidagi guruh — mamlakatdagi oʻn mingta maktabning tuzilmasini tahlil qiladi. Taʼlim sifati va tuzilmasini yaxshilash boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida ichki biznes-jarayonlarni oʻrganadi hamda tizimdagi muammo va kamchiliklarni aniqlaydi.
Prezident Administratsiyasi — global masalalar – taʼlim sohasida strategiyani ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va umumiy siyosatni yuritish bilan shugʻullanadi.
