Ijtimoiy tarmoqlarda “Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinmoqda” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
‘‘Mazkur xabarda tuman hududidagi 37-umumta’lim maktabi direktori tomonidan imzolangan buyruqqa asosan pedagog xodimlar “maktab hududida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, muassasa jamoasi hamda o‘qituvchilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida” 25-dekabrdan 6-yanvarga qadar (13 kun davomida) tun-u kun navbatchilikka jalb etilgani tanqid ostiga olingan.
Mazkur holat Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan belgilangan tartibda nazoratga olindi.
O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz’’, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab oʻqituvchilarni “majburiy mehnatga jalb etilgani” uchun maktab direktori 42 mln soʻm miqdorida jarimaga tortilgan. Pedagoglarni oʻz lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.
