Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlarini saylash amaliyoti joriy etiladi

Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlarini saylash amaliyoti joriy etiladi

Xabar berganimizdek, 2025-yil 26-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–232-sonli Prezident Farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, Universitetda taʼlim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karyera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

 

Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida shoʻbalar tashkil etiladi.

 

Tadqiqot markazlari fakultetlar yoʻnalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat boʻladi, huquqni qoʻllash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.

 

Shuningdek, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.

 

Ular 2 oʻquv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.

 

Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani oʻrinbosarlari hisoblanadi.

 

Shoʻbalar professor-oʻqituvchilar tarkibidan iborat boʻlib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.

 

Shuningdek, Universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.

 

2026/2027-oʻquv yilidan:

 

Universitetda sunʼiy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron taʼlim platformasida:

 

– talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi;

 

– yakuniy nazorat ishlarini sunʼiy intellekt tomonidan baholash yoʻlga qoʻyilib, inson omili cheklanadi.

 

Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi. Bunda:

 

– mazkur yoʻnalishga oʻqishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida oʻtkaziladi;

 

– tanlovda chet tillari boʻyicha B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi;

 

– oʻquv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.