Xabaringiz bor, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashining tegishli qaroriga muvofiq, nufuzli universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish uchun 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovi eʼlon qilingan edi.
Bugun — 26-noyabr, ushbu tanlov uchun hujjat topshirishning oxirgi kuni. Mazkur tanlov uchun hujjatlar maxsus — onlayn platforma orqali 26-noyabrga qadar (shu kunning oʻzida ham 23:59 ga qadar) amalga oshiriladi.
Platformaga yuklangan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan nomzodlarga bu haqda platforma orqali bildirishnoma yuboriladi. Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va hujjatlarni tahrirlash imkoniyati 2025-yil 26-noyabr 23:59 ga qadar taqdim etiladi.
Eslatma: nomzodlarga platformadagi shaxsiy profillari orqali yuborilayotgan bildirishnomalarni muntazam ravishda tekshirib borish tavsiya etiladi.
“El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi, test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Ushbu stipendiya quyidagi bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi:
– bakalavr, magistratura yoki doktoranturada oʻqish puli toʻliq qoplanadi;
– shuningdek, vizalar olish, stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan taʼlim olish joyigacha boʻlgan yoʻlkira xarajatlari (ikkala tomonga, koʻpi bilan yiliga bir marta);
– taʼlim olish davrida yashash, ovqatlanish, tibbiy sugʻurta va transport xarajatlari;
– zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish, stipendiat taʼlim olayotgan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa talablariga binoan ilmiy maqolalar chop ettirish, ilmiy maqolalarni koʻchirib (elektron tarzda yuklab) olish, maqolalar hamda ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna boʻlish;
– Jamgʻarma Vasiylik kengashi qaroriga koʻra stipendiatlarning xorijda taʼlim olishi bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlari;
– har bir taʼlim dasturi boʻyicha bitta stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdori Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
