Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta’lim diplomlarini o‘zaro tan olinishi haqidagi xabarlarni BMBA rad etdi

Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta’lim diplomlarini o‘zaro tan olinishi haqidagi xabarlarni BMBA rad etdi

Endilikda Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Oʻzbekiston davlatlari tomonidan berilgan ta’lim toʻgʻrisidagi diplomlari ushbu davlatlar hududida toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinishi haqida xabarlar tarqaldi.

 

Ushbu holat yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

‘‘Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy davlatlarda berilgan diplomlarni tan olish Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi. Mazkur Nizom bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻgʻridan toʻgʻri tan olinadigan xorijiy davlatlar tomonidan berilgan ta’lim toʻgʻrisidagi hujjatlar toifalari belgilangan.

 

Taʼkidlash kerakki, yuqorida keltirilgan maʼlumotlar asossiz boʻlib, bugungi kunda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozogʻiston diplomlarini oʻzaro tan olish boʻyicha xalqaro shartnoma mavjud emas. Mazkur davlatlarda xorijiy davlatlar tomonidan berilgan taʼlim olganlik haqidagi diplomlarni tan olish ularning milliy qonunchiligida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi’’, deyiladi xabarda.