Jizzaxda oʻqituvchi giyohvand modda sotgan vaqtida protsessual tartibda ushlangan. Holat Jizzax viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan giyohvandlik moddalarini tayyorlash, sotish va saqlash bilan bogʻliq tekshiruvda maʼlum boʻldi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan 47 yoshli fuqaro Sharof Rashidov tumanida yashaydi.
U oʻzi mehnat qilayotgan taʼlim muassasasi yonida 1 mln soʻm pul evaziga marixuanna sotgan vaqtida protsessual tartibda qoʻlga olingan.
Tadbir davomida sotuvdagi 14 gramm ogʻirlikdagi giyohvandlik moddasi daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, narkojinoyatga aloqador o‘quvchi va talabalar haqida xabar bergan pedagoglar rag‘batlantirilishi haqida maʼlum qilgan edik.
Shuningdek, kuni kecha Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri yoshlar, ota-onalar hamda pedagoglarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan qoʻshma murojaat yoʻllagan edi.
