Narkojinoyatga aloqador o‘quvchi va talabalar haqida xabar bergan pedagoglar rag‘batlantiriladi

Narkojinoyatga aloqador o‘quvchi va talabalar haqida xabar bergan pedagoglar rag‘batlantiriladi

2025-yil 3-noyabrda Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  PF-207-sonli farmoni qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, ota-onalarning farzandlari tomonidan narkotik moddalarni iste’mol qilish holatini ixtiyoriy ravishda tekshirib borish imkoniyatini yaratish maqsadida 2026-yilning birinchi yarmida ekspress narkotestlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Antinarko” yoshlar front-ofislari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Volontyorlar jamoasi tomonidan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi manzilli targ‘ibot ishlari olib boriladi.

 

2026-yil fevraldan narkojinoyat sodir etishga moyil (sodir etayotgan) o‘quvchi va talabalarni aniqlagan va huquq-tartibot idoralari xodimlariga xabar bergan pedagoglarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizimni ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

 

Narkojinoyatga aloqador o‘quvchi va talabalar haqida anonim xabar berish imkoniyatini yaratish maqsadida barcha ta’lim muassasalarida ichki ishlar organlari tomonidan muhrlanadigan maxsus qutilar o‘rnatiladi va kelib tushgan xabarlarni tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

Sinov tariqasida Toshkent shahridagi 10 ta maktabda 9-11 sinf o‘quvchilari bilan anonim so‘rov o‘tkazish orqali xavf guruhi aniqlanib, ular bilan psixologlar ko‘magida profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.