Xabaringiz bor, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish umumtaʼlim muassasalarida tashkil etiladigan ustamalar belgilash, moddiy ragʻbatlantirish va moddiy yordam berish boʻyicha ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda ishchi guruhi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi guruhning ustama haq belgilash boʻyicha majlislari bir yilda kamida bir marta, istisno hollarda zaruratga koʻra, oʻtkaziladi.
Zarur hollarda, ishchi guruh raisining tashabbusi yoki ishchi guruh aʼzolaridan kamida ikki nafarining taklifiga koʻra xodimlarni mukofotlash, bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama haqlarni qayta koʻrib chiqish hamda xodimning murojaati yoki boshlangʻich kasaba uyushmasining tashabbusi bilan moddiy yordam berish haqidagi masalada ishchi guruhning navbatdan tashqari majlisi chaqirilishi mumkin.
Pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, umumtaʼlim muassasalari xodimlariga mukofotlar berish va ularga moddiy yordam koʻrsatish ishchi guruh majlisi qarori bilan ochiq muhokama orqali hamda umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi fikrlarini hisobga olib, Jamgʻarmada nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 662-sonli qaroriga muvofiq, bunda jamgʻarmada ajratilgan mablagʻlar yetarli boʻlmagan hollarda umumtaʼlim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlariga moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha ishchi guruh qarori va direktor buyrugʻi qabul qilinmaydi.
259