AQShda Prezident Donald Tramp ma’muriyati davlat maktablariga ajratilishi rejalashtirilgan 6 milliard dollardan ortiq taʼlim grantlarini to‘xtatib qo‘ydi.
NPR’ga ko‘ra, bu haqda shtatlar rasmiylariga 1-iyul kuni, an’anaviy mablag‘lar ajratilishi kerak bo‘lgan muddatdan bir kun oldin xabar berilgan.
AQSh Ta’lim vazirligi tomonidan yuborilgan xabarda shunday deyiladi:
«Ma’muriyat almashganini inobatga olib, 2025-moliyaviy yil uchun Title I-C, II-A, III-A, IV-A va IV-B grant dasturlarini ko‘rib chiqish ishlari olib borilmoqda. Hozircha bu borada qaror qabul qilinmagan.»
Mazkur grantlar maktablarda muhojir o‘quvchilar, ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotganlar, darsdan oldin va keyingi taʼlim dasturlari, shuningdek, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishda muhim ahamiyatga ega edi. Ayniqsa, o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun ajratilgan 2,2 milliard dollarlik mablag‘ hozircha muzlatib qo‘yilgan.
Hozircha 5 ta asosiy federal grant dasturi to‘xtatilgan (muzlatilgan).
Bu grantlar 2025-moliyaviy yil uchun ajratilishi rejalashtirilgan, lekin Tramp ma’muriyati tomonidan qayta ko‘rib chiqilayotgani sababli to‘xtatilgan:
1.Title I-C – Education of Migratory Children
➤ Mavsumiy yoki muhojir oilalarning farzandlari uchun taʼlimni qo‘llab-quvvatlash.
2.Title II-A – Supporting Effective Instruction
➤ O‘qituvchilarning malakasini oshirish, kasbiy rivojlanish va professional treninglar uchun.
3.Title III-A – Language Instruction for English Learners and Immigrant Students
➤ Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan o‘quvchilar va muhojir bolalarga xizmatlar ko‘rsatish.
4.Title IV-A – Student Support and Academic Enrichment Grants
➤ Keng qamrovli o‘quv dasturlari, xavfsizlik, salomatlik, STEM yo‘nalishlari va texnologiya ta’limini qo‘llab-quvvatlash.
5.Title IV-B – 21st Century Community Learning Centers (21st CCLC)
➤ Darsdan oldingi va keyingi mashg‘ulotlar, yozgi maktablar, qo‘shimcha to‘garaklar (robototexnika, tikuvchilik, teatr va h.k.) uchun.
Eslatma:
Title I (asosiy qism) – Kam ta’minlangan hududlardagi maktablar uchun mablag‘.
IDEA – Individuals with Disabilities Education Act – Nogironligi bor o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatish uchun mablag‘.
Ushbu ikkala dastur hozircha to‘xtatilmagan, ya’ni mablag‘lar berilmoqda.
AASA (The School Superintendents Association) vakili Tara Tomas bu holatni «misli ko‘rilmagan» deb atadi va maktablar uchun bu kabi noaniqliklar rejalashtirish va budjetlash jarayonlarini jiddiy buzishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Tramp ma’muriyatining 2026-yilgi federal budjet taklifida aynan ushbu grantlar to‘liq bekor qilinishi ham ko‘zda tutilgan edi.
Shunga qaramay, Title I (kam taʼminlangan hududlardagi maktablarni qo‘llab-quvvatlash) va IDEA (nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun) kabi eng muhim federal moliyalashtirish manbalariga hozircha ta’sir qilinmagan.
