Imtihon natijalari yomonlashmoqda: Sun’iy intellekt o‘quvchilarga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

Imtihon natijalari yomonlashmoqda: Sun’iy intellekt o‘quvchilarga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

Sun’iy intellekt barcha sohalarga kirib kelmoqda, uning ta’limga ta’siri esa texnologiyaning o‘zidan ko‘ra, o‘quvchilarning undan qanday foydalanishiga ko‘proq bog‘liq.

 

Bu oy yuzlab millionlab boshlang‘ich va o‘rta ta’lim o‘quvchilari yangi o‘quv yilini boshlamoqda. Biroq sun’iy intellektning ommalashuvi o‘quvchilarning bilim olish jarayonini o‘zgartirmoqda.

 

O‘quvchilar va o‘qituvchilar oldida bir savol turibdi: sun’iy intellekt vositasi uy vazifasini bir necha soniyada bajarib bera olsa, unda uyga vazifani bajarish nima uchun kerak?

 

Ayrim mamlakatlar sun’iy intellektni ta’limga joriy etishga allaqachon kirishgan. Xitoy maktablarda yiliga kamida 8 soat sun’iy intellekt bo‘yicha dars o‘tilishini talab qilmoqda. Fors ko‘rfazi mintaqasida esa Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Qatar sun’iy intellektni o‘quv dasturlariga kiritishni boshlagan.

 

Sun’iy intellekt vositalari o‘qishni tezroq va osonroq qilishi mumkin. Ammo o‘quvchilar texnologiyani chetga surib qo‘yganida nima bo‘ladi? O‘zlashtirilgan bilimlarning qanchasi o‘quvchining o‘zida qoladi va qanchasi mashinaga bog‘liq bo‘lib qoladi?

 

Uy vazifasi tezlashdi, imtihon natijalari pasaydi

 

Buni o‘rganish uchun Stokgolm universitetidan Devid Stromberg hamda Gonkong universitetidan Viktor Ley va Yanhui Vu 2 yarim yil davomida Xitoydagi 12–18 yoshli qariyb 27 ming nafar o‘quvchini kuzatib, shu yo‘nalishdagi eng yirik tadqiqotlardan birini o‘tkazdi.

 

Imtihon natijalari yomonlashmoqda: Sun’iy intellekt o‘quvchilarga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

 

Tadqiqotchilar 9 ta fan bo‘yicha uy vazifalari, har oy o‘tkaziladigan yopiq kitob imtihonlari, ya’ni kitob va boshqa materiallardan foydalanish taqiqlangan testlar, shuningdek, muhim kirish imtihonlari haqidagi ma’lumotlarni birlashtirdi.

 

Natijalar maktab topshiriqlarini bajarish bilan haqiqiy bilim olish o‘rtasidagi sezilarli tafovutni ko‘rsatgan.

 

Generativ sun’iy intellektdan foydalanish boshlanganidan so‘ng o‘quvchilarning uy vazifalaridagi natijalari 18 foizga oshgan. Shu bilan birga, har bir topshiriqni bajarishga sarflanadigan vaqt qariyb 30 foizga qisqargan. Ya’ni o‘rtacha 64 daqiqadan 45 daqiqagacha.

 

Biroq o‘sha o‘quvchilar sun’iy intellektdan foydalanmasdan oylik imtihon topshirganida, 6 oy ichida ularning natijalari 20 foizga pasaygan. Muhim kirish imtihonlaridagi natijalar ham yomonlashgan va bu ta’sir uzoqroq muddatda yanada yaqqol namoyon bo‘lgan.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ham 2026-yil yanvarida e’lon qilingan Digital Education Outlook 2026 hisobotida shunga o‘xshash xulosaga kelgan. Hisobotga ko‘ra, sun’iy intellekt topshiriqlarni bajarish natijasini yaxshilashi mumkin, ammo undan ta’lim jarayonida to‘g‘ri foydalanilmasa, bu o‘quvchining haqiqiy bilim olishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

 

Imtihon natijalari yomonlashmoqda: Sun’iy intellekt o‘quvchilarga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

 

Dragan Gasevic hammualliflik qilgan tadqiqotlarda bilim olish jarayonida zarur bo‘lgan mustaqil fikrlash va kognitiv sa’y-harakatlarning kamayishi ehtimoli “metakognitiv dangasalik” (fikrlashni xohlamaslik, fikrlashda dangasalik qilish) deb atalgan.

 

O‘quvchilar sun’iy intellektdan ta’limda qanday foydalanmoqda?

 

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilarning sun’iy intellektdan foydalanishi yoki foydalanmasligidan ko‘ra, undan qanday foydalanishi muhimroq.

 

Vodafone Foundation buyurtmasiga ko‘ra Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada Yevropaning yetti mamlakatidagi 12–17 yoshli 7 ming nafar o‘quvchidan maktabdan tashqarida va o‘qituvchi yordamisiz o‘qish jarayonida sun’iy intellektdan qanday foydalanishi so‘ralgan.

 

Eng keng tarqalgan foydalanish usuli ma’lumot izlash bo‘lgan — o‘quvchilarning 56 foizi shu maqsadda sun’iy intellektdan foydalanganini bildirgan. Yana 45 foizi atama va tushunchalarni tushuntirish uchun undan foydalangan. Biroq 31 foiz o‘quvchi sun’iy intellektdan topshiriqlarga tayyor, to‘liq yechim olish uchun foydalanishini aytgan.

 

Mustaqil ta’limni bevosita qo‘llab-quvvatlaydigan usullardan foydalanadigan o‘quvchilar esa kamroq. O‘quvchilarning 29 foizi bilim olish jarayonini yo‘naltirish uchun interaktiv yoki moslashtirilgan kontentdan foydalangan. Faqat 20 foizi shaxsiylashtirilgan ta’lim rejalarini tuzish va o‘z rivojlanishini kuzatish uchun sun’iy intellektdan foydalangan.

 

Imtihon natijalari yomonlashmoqda: Sun’iy intellekt o‘quvchilarga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

 

Sun’iy intellektning o‘quvchilar hayotiga ta’siri

 

O‘quvchilar uchun sun’iy intellekt maktab topshiriqlarini bajarish vositasidan ko‘ra kengroq tushunchaga aylanmoqda. U tezkor yordam olishdan tortib, suhbatlashish uchun kimdirni topishgacha bo‘lgan o‘quvchilik hayotining turli jihatlariga kirib bormoqda.

 

Buyuk Britaniyadagi 1 054 nafar kunduzgi ta’lim talabasi o‘rtasida o‘tkazilgan HEPI/Kortext Student Generative AI Survey 2026 so‘rovnomasida ishtirokchilarning 49 foizi sun’iy intellekt ularning talabalik tajribasini yaxshilaganini aytgan. Ular buning asosiy sabablaridan biri sifatida vaqtni tejash, mavzularni yaxshiroq tushunish hamda tezkor va shaxsiylashtirilgan yordamni ko‘rsatgan.

 

Sun’iy intellektning ta’siri — o‘qish bilan cheklanmaydi. So‘rovnomada ilk bor yolg‘izlik masalasi ham o‘rganilgan. Talabalarning aksariyati — 59 foizi sun’iy intellekt yolg‘izlik hissiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini bildirgan. Qolganlar orasida esa ko‘rsatkichlar deyarli teng bo‘lgan: 21 foiz talaba o‘zini kamroq yolg‘iz his qilganini, 20 foizi esa aksincha, yolg‘izlik hissi kuchayganini aytgan.

 

Avvalroq, sun’iy intellekt qisqartirgan ish o‘rinlariga nisbatan ko‘proq ish o‘rni yaratayotgani haqida xabar berilgandi.

 

Shuningdek, PISA natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘quvchilarning darsda raqamli qurilmalarga chalg‘ish ko‘rsatkichi OECD o‘rtachasidan ikki baravar pastligi hamda o‘quvchilar AI’dan faol foydalanayotgan bo‘lsa-da kiberbulling darajasi esa pastligi ma’lum bo‘lgandi.