Toshkent shahridagi 97-sonli davlat MTT ta’mirlash ishlari sabab 2026-yil 6-iyuldan vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Tarbiyalanuvchilar yaqin hududdagi 47- va 136-sonli bog‘chalarga vaqtincha joylashtirilishi belgilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 97-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani va tarbiyalanuvchilar qaysi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirilgani yuzasidan murojaat e’lon qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumani 15-mavze, “Ahmad Donish” MFY hududida joylashgan 97-sonli DMTTda ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan muassasa faoliyati 2026-yil 6-iyuldan vaqtincha to‘xtatilgan.
Tegishli hujjatlarga muvofiq, tarbiyalanuvchilar ota-onalarining xohish-istaklari inobatga olingan holda, yaqin hududda joylashgan 47- va 136-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga vaqtincha joylashtirilishi belgilangan.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda davlat ta’lim tashkilotlari obyektlari xususiylashtirilayotgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirilgan edi.
