Termiz iqtisodiyot va servis universitetidan o‘qishini boshqa OTMga ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar tahririyatimizga murojaat qilmoqda. Ular yetarli ball to‘plaganiga qaramay, o‘qishni ko‘chirish uchun zarur hujjatlarini olishda muammoga duch kelayotganini aytmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabalarining o‘qishni boshqa OTMlarga ko‘chirish jarayonidagi muammolari haqidagi murojaatlari tarqalgan edi.
Mazkur murojaatlarga universitet tomonidan rasmiy munosabat bildirilgan. Unda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomateriallar qariyb bir oy avval tasvirga olingan eski videolar ekani, ularda aks etgan holatlar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning har biriga belgilangan tartibda transfer hujjatlari rasmiylashtirib berilgani ma’lum qilingan.
Universitet bugungi kunda videolarda aks etgan holatlar mavjud emasligi va o‘quv jarayoni belgilangan tartibda davom etayotganini bildirgan.
Biroq ushbu rasmiy munosabatdan keyin ham tahririyatimizga mazkur masala yuzasidan yangi murojaatlar kelishda davom etmoqda.
Murojaatlarda talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun belgilangan imtihonlardan yetarli ball to‘plaganligi, shunga qaramay, boshqa OTMga taqdim etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarini olishda muammoga duch kelayotganligi ta’kidlangan.
Tahririyatimizga murojaat qilgan talabalardan biri TISUda o‘zbek tilida 2-kursni tamomlagani, o‘qishini Termiz davlat universitetiga ko‘chirgani va 3-kursga o‘tishi kerakligini bildirgan.
Talabaning aytishicha, TISU tomonidan hujjatlarini berish masalasida turli sabablar keltirilmoqda. Jumladan, GPA ko‘rsatkichi pastligi, qayta topshirish imtihonlari natijalari baholanmagani hamda “HEMIS yopiq” ekani aytilayotganini ma’lum qilgan.
“Bir xil gap — faqat baza yopiq, deyishyapti”, — deya murojaat qilgan talabalardan biri.
Talabalar hujjatlarini olish uchun universitetga bir necha bor murojaat qilayotganini, biroq bu masalada sarson bo‘layotganini aytmoqda.
Murojaatchilarning aytishicha, ularga hujjatlari 15-oktyabrgacha rasmiylashtirib berilishi bildirilgan. Biroq talabalar taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, ular o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan OTMlar esa hujjatlarni 25-sentyabrga qadar olib kelishi kerakligini bildirishgan. Shu sababli talabalar hujjatlarini belgilangan muddatda boshqa OTMga yetkazib bera olmasligidan xavotirda.
Universitetning keyingi rasmiy munosabatida esa bu masalaga qisman aniqlik kiritilgan. Unda avgust oyida qayta topshirish imtihonlari tashkil etilgani, GPA ko‘rsatkichi belgilangan talablarga javob bergan hamda o‘qishni ko‘chirish uchun zarur shartlarni bajargan 300 nafardan ortiq talabaga boshqa OTMga o‘qishini ko‘chirish uchun tegishli buyruqlar rasmiylashtirilib, ruxsat berilgani aytilgan.
Shuningdek, universitet qayta topshirish imtihonlarida yetarli ball to‘play olmagan talabalar akademik qarzdorliklarini belgilangan tartibda bartaraf etganidan so‘ng navbatdagi qayta topshirish imtihonlarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratilishini bildirgan.
Ammo tahririyatimizga murojaat qilayotgan talabalar o‘zlari yetarli ball to‘plaganini va o‘qishni ko‘chirish uchun zarur shartlarni bajarganini ta’kidlamoqda. Ularning hujjatlari nega hozircha berilmayotgani va hujjatlarni olish jarayoni nima sababdan kechikayotgani esa universitetning mazkur rasmiy munosabatida ochiqlanmagan.
Talimxabarlari.uz holat yuzasidan universitet bilan bog‘lanishga ham urindi. Universitetning rasmiy aloqa raqamiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik, biroq qo‘ng‘iroqlarimizga javob berilmadi.
Universitetdan mazkur holatlarga qo‘shimcha izoh kelib tushsa, uni ham e’lon qilamiz.


