Avvalroq, Migrantlarning farzandi rus tili imtihonidan oʻta olmasa maktabga qabul qilinmasligi haqida qaror qabul qilingan edi. Yangi qoidalar kuchga kirganidan ikki oy oʻtib, Rossiya maktablariga migrant bolalarini rus tilini bilish boʻyicha testdan oʻtmasdan qabul qilish taqiqlanganidan keyin faqat 4% ariza beruvchilar maktablarga qabul qilindi. Bu haqida Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.
Uning maʼlumotlariga koʻra, 22-may holatiga koʻra, faqat 498 nafar ariza beruvchilar testga kirishga ruxsat olgan — bu ariza beruvchilarning 17% ni tashkil qiladi (jami 2868 ariza berilgan). Rossiyada taʼlim va fan sohasida nazorat va tekshiruvlarni olib boruvchi davlat organi Rosobrnadzor may oyida rus tili boʻyicha test topshirish uchun 1,7 mingta ariza topshirilganini xabar qilgan, ammo 81% nomzodlarga hujjatlar toʻgʻri tayyorlanmaganligi sababli rad etilgan. Shuningdek, agentlik anketalarda noaniq maʼlumotlar mavjudligini qayd etdi.
Volodin shuningdek, bu hafta “migratsiya siyosatini takomillashtirishga qaratilgan” yana bir qonun loyihasini koʻrib chiqishni rejalashtirganini maʼlum qildi. Qonun loyihasida, taʼlim muassasalariga qabul qilinmagan migrant bolalarini hisobga olish va nazorat qilish haqida gap boradi.
Hujjatga koʻra, hududiy va mahalliy taʼlim boshqaruvi organlarini bolalar va ularning ota-onalarining shaxsiy maʼlumotlarini, test natijalarini, taʼlim muassasalariga qabul haqidagi maʼlumotlarni, shuningdek, maktablarga murojaat qilgan chet el fuqarolariga oid maʼlumotlarni mahalliy Ichki ishlar vazirligi organlariga taqdim etishga majbur qilish rejalashtirilgan.
Ichki ishlar vazirligi oʻz navbatida taʼlim boshqaruvi boʻlimlariga migrant bolalarining roʻyxatga olinganligi yoki migratsion hisobga qoʻyilganligi haqidagi maʼlumotlarni uzatadi. “Bularning barchasi bolaning va uning ota-onasining Rossiyada qonuniy yashash holati haqida tezkor maʼlumot almashishga imkon beradi, bu esa keyingi qarorlar qabul qilinishiga taʼsir koʻrsatadi”, — deb yozdi Volodin.
Migrant bolalarini maktablarga qabul qilishda rus tilini bilishini testdan oʻtkazish majburiy boʻlgan qonun 1-apreldan kuchga kirdi. Ariza tasdiqlanishi uchun bola test savollarining 90% toʻgʻri javob berishi kerak.
