AQShda universitet talabalari o‘qituvchilarning dars materiallarini tayyorlashda ChatGPT’dan foydalanayotgani uchun o‘qish pulini qaytarishlarini talab qilmoqda. Bu haqda The New York Times nashriyoti xabar berdi.
Joriy yilning fevral oyida Shimoli-sharqiy universitetning biznes maktabida bir talaba dars uchun taqdim etilgan materiallarda sun’iy intellekt tomonidan yaratilganligi aniq ko‘zga tashlanadigan izlarni payqagan. Liderlik modellari haqidagi matnda professorning chat-botga “bu modellarni batafsilroq tavsiflab bering” degan prompti qoldirib ketilgan.
Prezentatsiyada imlo xatolari bo‘lgan, undagi suratlarda esa ayrim generativ neyrotarmoqlarga xos bo‘lgan xatoliklar — masalan, odamlarning qo‘llari ortiqcha tasvirlangan.
Talaba universitet rahbariyatiga shikoyat qilib, o‘sha semestrda aynan shu professor bilan o‘tgan darslar uchun to‘langan o‘qish haqining bir qismini (8 ming AQSh dollaridan ortiq) qaytarishni talab qilgan. Biroq murojaat ko‘rib chiqilganiga qaramay, pulni qaytarish rad etilgan.
The New York Times bilan suhbatda professor ChatGPT, Perplexity hamda Gamma nomli prezentatsiya generatoridan foydalanganini tasdiqlagan.
Unga ko‘ra, dastlab bu materiallar juda yaxshi ko‘ringan, biroq ulardagi ko‘plab xatoliklar sabab o‘qituvchilar generativ sun’iy intellekt vositalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanishi va talabalarni undan qanday va qachon foydalanilgani haqida ogohlantirishi kerakligi bildirilgan.
Universitet rahbariyati esa mart oyi oxirida universitet rasmiy AI siyosatini e’lon qilgan. Endilikda har bir o‘qituvchi qaysi neyrotarmoqdan qanday foydalanilganini ko‘rsatishi, ishlab chiqilgan matnlar va multimedia materiallarining “aniqligi va maqbulligini” tekshirishi shartligi ta’kidlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, boshqa AQSh universitetlarida ham talabalarning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dars materiallaridan noroziligi ortmoqda. Rate My Professors kabi platformalarda bu borada ko‘plab fikrlar qoldirilmoqda.
Talabalarni ayniqsa dars materiallaridagi xatoliklar va ularning ishlarini ham AI vositasida tekshirilayotgani bezovta qilmoqda. O‘qituvchilar esa ularni mutlaqo o‘qimayotganligi bildirilgan. 2024-yili o‘tkazilgan so‘rovnomada amerikalik talabalar aynan shu ikki jihat — AI tomonidan tayyorlangan kurslarning sifati va AI yordamida qo‘yilgan baholarning adolatliligi — bo‘yicha eng katta xavotirligini bildirgan.
The New York Times nashriga fikr bildirgan ayrim o‘qituvchilar esa chat-botlar ularning haddan tashqari og‘ir yuklamasini yengillashtirayotganini aytgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, AQShdagi universitet o‘qituvchilarining uchdan bir qismi generativ sun’iy intellektdan foydalanadi.
Mutaxassislar fikricha, AI vositalari dars jarayonida foydali bo‘lishi va o‘qituvchilarga talabalar bilan jonli muloqotga ko‘proq vaqt ajratish imkonini berishi mumkin. Biroq, AI tomonidan yaratilgan har qanday material xuddi ilgari tayyor metodik materiallar singari sinchkovlik bilan tekshirilishi va tahrir qilinishi shart ekanligi qayd etilgan.
Avvalroq Rossiyadagi oliygohlarda ham sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, uning qo‘llanilishiga nima sababchi va nima to‘siq bo‘layotgani yuzasidan xulosalar e’lon qilingan edi.
