Amerikalik oliy ta’lim bitiruvchilarining yarmidan ko‘pi o‘zlari uchun munosib ish topa olishlariga shubha bilan qarashmoqda. Bu haqda Handshake ish qidirish platformasi o‘tkazgan tadqiqotda ma’lum qilindi.
Unda AQShdagi 2800 nafardan ortiq oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etgan so‘rov natijalari tahlil qilingan. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 56 foizi o‘zining muvaffaqiyatli ish topishiga ishonmasligini bildirgan, ulardan 15 foizi esa juda pessimist kayfiyatda ekanliklarini ta’kidlashgan.
Eng ko‘p xavotirda bo‘lganlar — kompyuter fanlari bo‘yicha o‘qiyotgan talabalar. Bu yo‘nalishdagi pessimistlar ulushi bir yilda 18 foizdan 28 foizgacha oshgan.
Bunga bir nechta sabablar ko‘rsatilmoqda:
– ish o‘rinlari soni kamaygan (bir yilda 15 foizga),
– bitta bo‘sh o‘rin uchun arizalar soni ko‘paygan (30 foizga),
– sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi natijasida yosh mutaxassislarning o‘rnini bosish xavfi kuchaymoqda.
Misol uchun, 2023 yilda sun’iy intellekt rivojlanishidan xavotirlangan bitiruvchilar 44 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 62 foizga yetgan.
Bundan tashqari, bitiruvchilar ta’lim davrida ijtimoiy va amaliy ko‘nikmalarni yetarli darajada egallamaganliklarini ham tan olishmoqda. Ularning ko‘pchiligi ish yuzasidan telefon orqali muloqot qilish yoki yig‘ilishlarda ishtirok etishga tayyor emasliklarini bildirgan. Faqat 35 foiz bitiruvchi o‘zini uchrashuvlarda faol ishtirok eta olishga tayyor, deb hisoblaydi.
NVIDIA kompaniyasi bosh direktori Jensen Xuang hatto dasturlashni “eski ko‘nikma” deb atagan, garchi bu fikrga hammayoqdan rozi bo‘linmasa-da.
Bitiruvchilar, shuningdek, oliy ta’limda zaruriy ishchi ko‘nikmalarni, jumladan ijtimoiy ko‘nikmalarni ololmaganliklarini ham tan olishgan. Masalan, ko‘pchilik ish yuzasidan yuzma-yuz yoki elektron pochta orqali muloqot qilishga tayyor emasligini bildirgan. Faqatgina 35 foiz bitiruvchilar yig‘ilishlarda samarali ishtirok etishga to‘liq tayyor ekanliklarini aytgan, 44 foizi esa rahbarlarga fikr bildirish bo‘yicha ko‘rsatmalar kerakligini tan olgan.
Bugungi kunda AQSh kompaniyalari uchun tajriba va amaliy ko‘nikmalar diplomdan ustun ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Ko‘plab ish beruvchilar oliy ma’lumot talabini bekor qilib, nomzodning amaliy yutuqlariga urg‘u bermoqda. Kaliforniyada esa maxsus “karyera pasportlari” joriy qilinishi rejalashtirilgan — bu hujjatlar nomzodning o‘qish va ishdagi natijalarini birlashtiradi.
Ushbu tendensiya O‘zbekistonda ham dolzarb: yosh mutaxassislarning faqat diplom bilan emas, balki aniq ko‘nikmalar va stajirovka tajribasi bilan bozorga chiqishi zarur. Ish beruvchilar ham aynan amaliy tajriba va muloqot madaniyatiga ega bo‘lgan nomzodlarni tanlashga intilmoqda.
Shu jumladan, Buyuk Britaniyaning Manchester grafligida 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi va talabalarni “yumshoq ko‘nikmalar”ga o‘rgatish uchun bepul dastur yo‘lga qo‘yilgan. Bu zarurat ish beruvchilarning o‘zlari tomonidan ilgari surilgan — ular raqamli avlod vakillari telefon orqali muloqot qilish yoki ish suhbati o‘tkazishdan cho‘chishlarini ta’kidlashgan.
