Italiya maktablarda burqa va niqob o‘rashni taqiqlab, xorijlik o‘quvchilar sonini cheklamoqchi

Italiya maktablarda burqa va niqob o‘rashni taqiqlab, xorijlik o‘quvchilar sonini cheklamoqchi

Italiya Bosh vaziri maktablarda xorijlik o‘quvchilar sonini cheklash hamda ta’lim muassasasida burqa (paranja) va niqob kiyishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tez orada taqdim etishini ma’lum qildi.

 

Joriy yil 20-sentyabr kuni Italiya Bosh vaziri Jorjia Meloni Rimda bo‘lib o‘tgan “Gioventù Nazionale” milliy festivalida xorijlik o‘quvchilar sonini cheklash va maktablarda yuzni yopuvchi kiyimlarni taqiqlash rejasini e’lon qildi.

 

Xususan, xorijlik o‘quvchilarning ota-onalariga italyan tili darslarini majburiy qilishni ham nazarda tutishini aytdi. Bu talab maktab tizimiga “integratsiyalashishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan” ota-onalarga nisbatan qo‘llanadi.

 

Biz uchun Italiyaga kelib, kelajagini shu yerda qurmoqchi bo‘lgan har bir inson tilimizni o‘rganishi, madaniyatimizni tushunishi va qoidalarimizni hurmat qilishi kerak. Bu ularni qabul qilishning yagona jiddiy yo‘lidir, — degan u.

 

Uning aytishicha, Italiya hukumati alohida sinflardagi xorijlik o‘quvchilar sonini qonuniy ravishda taxminan 30 foiz bilan cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etadi.

 

Agar sinfda italyan tilini tushunmaydigan atigi bitta bola bo‘lsa, u tengdoshlari va o‘qituvchilari yordamida tilni o‘rganib, tezda integratsiyalashib ketishi mumkin. Ammo bunday bolalar ko‘p bo‘lsa yoki hatto ko‘pchilikni tashkil etsa, bu endi integratsiya emas, balki ularni tashlab qo‘yish bo‘ladi, — degan bosh vazir.

 

Qonun loyihasida maktabda yuzni to‘liq yopib turuvchi niqob hamda burqa kiyishni taqiqlash va rejalashtirilgan.

 

Immigratsiya masalalariga ixtisoslashgan tahliliy markaz — ISMU ETS jamg‘armasi Italiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga tayanib bildirganiga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi jami maktab o‘quvchilarining 11,6 foizini Italiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan o‘quvchilar tashkil etadi.

 

Italiya fuqaroligi tizimiga ko‘ra, mamlakatda italyan fuqarosi bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalar odatda tug‘ilgan zahoti avtomatik ravishda Italiya fuqaroligini olmaydi. Ular mamlakatda yashashni davom ettirgan taqdirda, 18 yoshga to‘lgach fuqarolik olishlari mumkin.

 

Bosh vazir, shuningdek, maktablarda yuzni yopuvchi kiyimlarni, xususan, ayrim ayollar va qizlar kiyadigan burqa va niqoblarni taqiqlash rejasini ham ma’lum qildi.

 

Maktabga yuz ochiq holda boriladi. Italiyada hech kim haqiqiy yoki taxmin qilinayotgan an’ana nomidan yosh ayol yuzini yashirishi kerakligini belgilay olmaydi. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglik murosasiz tamoyildir, — ta’kidlagan Jorjia Meloni.

 

Taklif qilinayotgan chora islomiy bosh kiyimlarining barcha turlariga emas, faqat yuzni yopuvchi kiyimlarga taalluqli bo‘ladi.

 

Ma’lum qilinishicha, ushbu tartib hukumat tomonidan ma’qullanganidan so‘ng, qonunga aylanishi uchun 60 kun ichida parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi

 

CBS News nashrining yozishicha, Italiya jamoat joylarida yuzni yopuvchi kiyimlarni cheklagan birinchi Yevropa davlati bo‘lmaydi. Fransiya, Belgiya va boshqa qator Yevropa davlatlarida yuzni yopuvchi kiyimlarga nisbatan cheklovlar joriy etilgan. Biroq ushbu cheklovlarning qamrovi va huquqiy asoslari bir-biridan farq qiladi.

 

Biroq maktablardagi xorijlik o‘quvchilar sonini cheklash bo‘yicha taklif qabul qilinsa, Yevropada bunday cheklov joriy etilgan birinchi holat bo‘ladi.

 

Avvalroq, Avstraliyada xalqaro talabalar va sayyohlar uchun migratsiya qoidalari kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.