Milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun ariza berish yana qayta ochiladi — Agentlik

Milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun ariza berish yana qayta ochiladi — Agentlik

Milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun ariza berishga ulgurmagan talabgorlar uchun roʻyxatdan oʻtish yakunlangan kundan keyin ariza berish imkoniyati yana ochiladi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlum qildi.

 

Soʻnggi kunlarda milliy sertifikat imtihoniga roʻyxatdan oʻtish qisqa fursatlarda yopilgani va belgilangan limit boʻyicha murojaatlar koʻpaydi. Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur holat yuzasidan bir qancha savollarga javob berdi.

 

Jumladan, agentlik mutaxassislarining maʼlum qilishicha, limitlar avvalgi imtihonlar statistikasidan kelib chiqib belgilangan. Masalan, birinchi yarim yillikda tarix fanidan 50 ming nafar abituriyent imtihon topshirgan boʻlsa, ikkinchi yarim yillikdagi imtihon uchun 60 ming abituriyent uchun joy belgilangan.

 

Bundan tashqari, oktyabr oyida bo’ladigan sertifikat imtihoni uchun roʻyxatdan oʻtgan talabgorlarning 60 foizi hali toʻlov qilmagan. Faqat ariza topshirib, lekin toʻlovni amalga oshirmaganlar hisobiga belgilangan limit tez toʻlgan va ariza berish yopilgan. Yaʼni, roʻyxatdan oʻtgan talabgorlarning barchasi toʻlov qilishiga kafolat yoʻq, yaʼni ayrimlar shunchaki roʻyxatdan oʻtib qoʻygan boʻlishi ham mumkin.

 

“Avvalgi imtihonlar tajribasida ham bu holat kuzatilgan. Juda koʻplab talabgorlar roʻyxatdan oʻtadi, lekin koʻplarning arizasi toʻlovni amalga oshirmagani uchun bekor qilinadi. Bundan tashqari, limit belgilangani uchun ham bir kundayoq joylar toʻldi. ‘Limit bor ekan” deb hamma roʻyxatdan oʻtdi. Lekin avvalgi imtihonlarga qaraydigan boʻlsak, birinchi kunda atigi 500 ta ham ariza kelib tushmas, oxirgi 2-3 kunda arizalar soni koʻpayar edi’, — deydi agentlik mutaxassisi.

 

Shuni hisobga olgan holatda, agentlik toʻlovni amalga oshirish muddati yakunlangandan keyin boʻsh qolgan oʻrinlar uchun ariza berish imkoniyatini qayta ochishni rejalashtirgan. Bu haqda ariza berish ochilishidan bir kun avval eʼlon qilinadi.

 

Yaʼni, toʻlovni amalga oshirmaganlar arizasi bekor qilinadi va boʻsh qolgan oʻrinlar uchun qayta arizalar qabul qilinadi. Masalan, oʻzbek tili va adabiyoti fanidan toʻlov qilishning oxirgi sanasi 3-oktyabr boʻlsa, 4-5-oktyabr kunlari boʻsh oʻrinlar uchun ariza berish imkoniyati beriladi.

 

Eslatma! Biologiya, kimyo, fizika va matematika fanlaridan navbatdagi milliy sertifikat imtihoni uchun ruxsatnomalar eʼlon qilindi.