Statistika, iqtisodiyot, moliya, axborot texnologiyalari hamda Data Science & Analytics yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tanlovda ishtirok etishi mumkin. G‘oliblarning har biriga 2026–2027 o‘quv yilining oktabr–may oylari davomida BHMning 3 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida stipendiya tanlovi e’lon qilindi.
Tanlovda O‘zbekiston hududidagi oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida quyidagi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin:
— statistika;
— iqtisodiyot;
— moliya;
— axborot texnologiyalari;
— ma’lumotlar ilmi va tahlili (Data Science & Analytics).
Shuningdek, bakalavriatning 4-bosqich va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar ham tanlovda qatnashishi mumkin.
Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab nomzodlarning hujjatlari ko‘rib chiqilib, saralash amalga oshiriladi. Keyingi bosqichda statistika, iqtisodiyot, matematika, analitik fikrlash va IQ bo‘yicha nazariy bilimlarni baholash testlari o‘tkaziladi. Yakuniy bosqichda esa nomzodlar tanlov komissiyasi a’zolari bilan suhbatdan o‘tadi.
Nomzodlar hujjatlarini 2026-yil 25-sentyabr soat 18:00 ga qadar faqat PDF formatda kadr@stat.uz elektron pochta manziliga yuborishi kerak.
Bunda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Maʼlumotnoma (CV, bogʻlanish uchun aloqa maʼlumotlari bilan);
- Akademik reyting koʻrsatkichlari (akademik maʼlumotnoma);
- Xorijiy tillarni bilish boʻyicha hujjatlar;
- Ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha hujjatlar (mavjud boʻlsa);
- Erishilgan yutuqlar va ijtimoiy faollik boʻyicha maʼlumotlar hamda tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud boʻlsa).
Tanlov yakunlariga ko‘ra 10 nafargacha g‘olib aniqlanadi. G‘oliblarga 2026–2027 o‘quv yilining oktabr oyidan may oyigacha BHMning 3 baravari miqdorida stipendiya to‘lab beriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 71 203 80 00 (ichki raqam: 1464). Tanlovning to‘liq shartlari, bosqichlari va baholash mezonlari bilan Milliy statistika qo‘mitasi stipendiyasi tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom orqali tanishish mumkin.
