Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan Jahon banki koʻmagida O’zbekistonda ilk bor Milliy baholash tadqiqoti yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda taʼlimning samaradorligini tahlil qilish, oʻquv dasturlari va davlat taʼlim standartlarining amaliy natijadorligini baholash, shuningdek, dalillarga asoslangan taʼlim siyosatini ishlab chiqishga xizmat qiladi.
U 4- va 9-sinf oʻquvchilari ishtirokida 42 ta maktabda pilot loyiha sifatida amalga oshirilmoqda. Ushbu maktablar respublika boʻylab reprezentativ tanlov asosida aniqlangan boʻlib, har bir hududdan 3 tadan maktab qamrab olingan.
Tanlangan sinflardagi oʻquvchilar matematika va ona tili fanlari boʻyicha testlar, shuningdek, taʼlim muhiti, qiziqishlar va boshqa omillarga oid soʻrovnomalarni toʻldirish orqali tadqiqotda ishtirok etmoqda.
Baholash topshiriqlari dastlab 22-aprel kuni Toshkent viloyatining ikki umumtaʼlim maktabida muvaffaqiyatli tajriba-sinovdan oʻtkazildi. Jarayonni samarali tashkil etish maqsadida 26 va 28-aprel kunlari test administratorlari va maktab koordinatorlari uchun onlayn treninglar oʻtkazildi.
Milliy baholash tadqiqoti doirasida test va soʻrovnomalar onlayn shaklda oʻtkazilmoqda. Sinov jarayoni qatʼiy tartibda tashkil etilib, test mazmunining maxfiyligi, oʻquvchilarning mustaqilligi va natijalarning shaffofligi toʻliq taʼminlanmoqda. Umumiy hisobda taxminan 2500 nafar oʻquvchi (1250 nafar 4-sinf va 1250 nafar 9-sinf) tadqiqotda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Milliy baholash tadqiqotining natijalari taʼlim tizimidagi yutuqlar va muammolarni chuqur tahlil qilish, taʼlim sifatini oshirish, fanlar kesimida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash, hamda O’zbekiston uchun mos, samarali va barqaror baholash tizimini yaratishda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ko’zda tutilgan.

