«Bosqichma-bosqich o‘qitish» (spaced learning) strategiyasi — samarali va ilmiy jihatdan tasdiqlangan usul bo’lib, har qanday fan va sinf darajasi uchun mos keladi, ammo uni oldindan rejalashtirish muhim.
An’anaviy o‘qitish va uning kamchiliklari
Ko‘pincha o‘quv dasturlari mavzularni ketma-ket bloklarga bo‘lib o‘qitishga asoslanadi – bir tushuncha o‘rganilgandan keyin yangisi o‘tiladi va ilgari o‘rganilgan materiallar faqat testlar yoki yakuniy baholashlarda qayta ko‘rib chiqiladi.
Bu usul qisqa muddatli tushunish uchun foydali bo‘lishi mumkin, lekin tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, agar o’quvchilar yangi bilimlarni ma’lum vaqt davomida takrorlab va uni mustahkamlab borishmasa, ular tezda unutib yuborishadi.
Sara Delano Mur, o‘rta maktab o‘qituvchisi va ta’lim bo‘yicha ekspert, buni quyidagicha tushuntiradi:
«Talabalar muayyan ko‘nikmalarni qisqa vaqt ichida o‘zlashtirishi mumkin, lekin agar ular bu bilimlarni uzoq muddatli xotirada saqlamasa, ulardan foydalana olmaydi.»
Tadqiqotchilar shuni aniqlashdi: bosqichma-bosqich o‘qitish – ya’ni yangi ma’lumotlarni kichik bo‘laklarga ajratib, vaqt o‘tishi bilan qayta ko‘rib chiqish – bilimlarni uzoq muddat eslab qolish uchun samarali usuldir.
Tadqiqot natijalari
2021-yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatganki, 12 ta matematik masalani uch hafta davomida tarqoq holda ishlagan yettinchi sinf o‘quvchilari, shu masalalarni bir kun ichida bajargan tengdoshlariga qaraganda, bir oy o‘tgach o‘tkazilgan testda 21% yuqoriroq natija ko‘rsatishgan.
Necha marta va qanday qilib dars materiallarini takrorlash kerak?
Sara Delano Mur tavsiyasiga ko‘ra, darslarda bir kun oldingi mavzudan misollar, bir hafta oldingi materialdan bir nechta topshiriqlar va bir oy oldingi mavzudan ham 2-3 ta savol kiritish yetarli.
Tadqiqotchi Shana Karpenter esa, oldin o‘rganilgan ma’lumot qancha tanish bo‘lsa, uni shuncha uzoqroq muddatdan keyin takrorlash mumkin, deb hisoblaydi. Agar mavzu yangilik bo‘lsa, uni qisqa fursatda qayta ko‘rib chiqish kerak.
Agar darslaringizda bosqichma-bosqich o‘qitish metodikasini qo‘llamoqchi bo‘lsangiz, quyidagi usullardan foydalanishingiz mumkin:
1. Dasturga uyg‘unlashtirish
O‘qituvchi Bill Xinkli (AQSh, Meyn shtati) yillik o‘quv dasturini ishlab chiqishda bo‘shliqlar bilan o‘qitishni qanday qo‘llash mumkinligi haqida maslahat beradi:
– dastavval asosiy tushunchalarni aniqlash va ularni alohida bloklar tarzida emas, bosqichma-bosqich taqsimlash kerak;
– u o‘zining AP Calculus darsi uchun maxsus jadval ishlab chiqdi, bunda har bir mavzuni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan;
– u standart test o‘rniga jamoaviy loyiha va amaliy mashg‘ulotlarni kiritdi, shunda talabalar materialni faqat eslab qolish bilan cheklanmay, undan faol foydalanishlari ham mumkin bo‘ldi.
Dars jadvalingizni ishlab chiqishda quyidagi savollarga javob izlash foydali bo‘ladi:
– oldingi mavzularni keyingi darslarga qanday kiritish mumkin?
– o‘quv dasturidagi mavzularni qanday qilib bo‘laklarga ajratib o‘rgatish mumkin?
– dars tashqarisida va uy vazifalarida o‘quvchilarni oldingi materiallarni eslab qolishga qanday undash mumkin?
2. Bo‘shliqlar bilan sinov (quizlar)
Yana Veynshteyn va Megan Smit, ta’lim bo‘yicha psixologlar, o‘quvchilar uchun quyi darajali sinovlar (low-stakes quizzes) nafaqat baholash, balki o‘qitish vositasi ham ekanligini ta’kidlaydi.
2022-yilda Jon Dunloski va Shana Karpenter tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda, talabalar bir necha bosqichda o‘tkazilgan testlar orqali olgan bilimlarini 9 oygacha saqlab qolishlari mumkin, hatto bu usuldan 8 yilgacha natijalar kuzatilgan.
O‘qituvchi Patris Beyn o‘z darslarida kichik testlarni (5 ta tezkor savol) uy vazifalari o‘rnida qo‘llagan. Muhimi, u testlarni deyarli baholamagan yoki ularga juda kam ball qo‘ygan, shunda talabalar o‘z xatolaridan qo‘rqmagan.
Agar sinovlar natijalarini baholashni xohlasangiz, Socrative, Memrise, Google Forms kabi ilovalardan foydalanishingiz mumkin.
3. Sinf ichida takrorlash
Testlar bilan birga sinfda materiallarni qayta ko‘rib chiqish kerak.
– «O‘tgan mavzuga qaytish» (blast from the past) metodi – yangi dars boshlanganida o‘qituvchi oldingi mavzu haqida qisqa savollar beradi;
– o‘quvchilarga avvalgi haftada yoki oldingi o‘quv yili davomida o‘rganilgan materiallar bo‘yicha o‘z fikrlarini yozish yoki sherigi bilan baham ko‘rish imkoniyati beriladi;
– «Think-Pair-Share» (fikr yuritish – juftlik bilan baham ko‘rish – sinfga taqdim etish) metodi orqali talabalar avval o‘zlari mustaqil javob berib, keyin sheriklari bilan taqqoslaydilar.
Olim Puja Agarval shuni ta’kidlaydiki, o‘quvchilar bu usulda ba’zan qiyinchiliklarga duch kelishadi, chunki ular unutishadi va xato qilishadi. Ammo bu normal holat, chunki bosqichma-bosqich o‘qitish aynan shunday ishlaydi – unutilgan bilim qayta esga tushirilganda mustahkamroq o‘rganiladi.
4. Uyda mustaqil o‘rganish
Edvard Kang, nevrolog va o‘qituvchi, talabalarga flashcardlardan foydalanishni maslahat beradi:
– oson javob berilgan savollar – 3 kun o‘tgach takrorlanadi.
– murakkab javoblar – 2 kun o‘tgach.
– xato qilingan savollar – 1 kun o‘tgach.
Bleyk Harvard, AP psixologiya o‘qituvchisi, dars materiallarini har hafta kichik jadvallar orqali takrorlatadi. Talabalar o‘z bilimlarini 3 bosqichda baholashadi:
Avval o‘z xotirasidan foydalangan holda javob berishadi;
Keyin eslatmalarni tekshirib, o‘z xatolarini to‘g‘rilashadi;
So‘ng sheriklari bilan gaplashib, yetishmayotgan ma’lumotlarni to‘ldirishadi.
Bir necha hafta o‘tgach, ular xuddi shu mashqni qayta bajarib, o‘z xotirasini mustahkamlashadi.
Xulosa
Bosqichma-bosqich o’qitish usuli orqali o‘quvchilar bilimlarini uzoq vaqt saqlab qolishadi va o‘rganish samaradorligi oshadi. Ushbu strategiyani dars rejaga qo‘shish orqali o‘quvchilarning nafaqat hozirgi bilimlarini, balki kelajakdagi muvaffaqiyatlarini ham ta’minlash mumkin.


