Navbatdan tashqari attestatsiyada necha marta ishtirok etishi mumkin?

Navbatdan tashqari attestatsiyada necha marta ishtirok etishi mumkin?

Savol! Oliy toifali oʻqituvchiman. Oliy toifani 2022-yilda olganman va toifa sertifikatimning amal qilish muddatini uzaytirish maqsadida navbatdan tashqari topshirmoqchiman, lekin men oʻtgan yili kuzgi attestatsiyada ham ishtirok etganman. Balim yetmay qoldi. Maktabimiz OʻIBDOʻdan soʻragan edim “koʻpi bilan uch marta topshirib, pedagog oʻtolmasa unga salbiy qaror chiqadi” – dedi. Shu qanchalik toʻgʻrimi?

 

 

Javob! Bu notoʻgʻri, albatta. Bunday cheklovlar mavjud emas. Pedagoglar 2027-yil bahorgi attestatsiyaga qadar cheklanmagan holda navbatdan tashqari turi boʻyicha ishtirok etishingiz mumkin.

 

Nizomning 44-bandida mutaxassis yoki oliy maʼlumotli oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr:

 

– 60 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) berilgan;

 

 

–  55 balldan 59 ballgacha koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan;

 

 

–  55 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno) hisoblanadi.

 

 

 

Navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, ularning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ular lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanmaydi.

 

 

Mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.

 

 

Shuningdek, Nizomning 44-band, birinchi qismida,  ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga koʻpi bilan uch marta jalb etiladi.

 

 

Bunda uch martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida uzoq muddatli mehnatga qobiliyatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bekor qilinadi.

 

 

Eslatma! Navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish boʻyicha cheklovlar amaldagi toifasi mutaxassis boʻlib, navbatdagi majburiy attestatsiyada – “mutaxassis lavozimiga muvofiq emas”- deb topilganlar uchun mavjud.