Andijonda o‘quvchi qizlar o‘rtasidagi janjal sabab sinf rahbari lavozimidan ozod etildi (video)

Andijonda o‘quvchi qizlar o‘rtasidagi janjal sabab sinf rahbari lavozimidan ozod etildi (video)

Andijon viloyatidagi maktabda uch nafar o‘quvchi qiz o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazilib, sinf rahbari lavozimidan ozod etilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda sinf xonasida o‘quvchi qizlar bir-birining sochidan tortib, mushtlashgani aks etgan videolar tarqaldi.

 

Sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning bildirgan munosabatiga ko‘ra, voqea Oltinko‘l tumani “Qo‘shtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 11-umumta’lim maktabida yuz bergan.

 

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 13-oktyabr kuni soat 14:00 atrofida, tanaffus vaqtida, uch nafar o‘quvchi qiz o‘rtasidagi tortishuv janjalga aylangan.

 

Holat tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, profilaktika inspektori N. Nazirov, maktab rahbariyati hamda o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida ko‘rib chiqilgan. Ishtirokchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

 

Shuningdek, o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasini qo‘llash bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Mazkur sinfni nazorat qilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli sinf rahbari Sh.N. sinf rahbarligidan ozod etilgan.

 

Qayd etilishicha, 2014-yilda qurilgan mazkur maktabda ayni vaqtda 998 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ularga 67 nafar pedagog saboq beradi.

 

Avvalroq, Qarshida ikki o‘quvchi qiz o‘rtasidagi kelishmovchilik janjalga aylangani haqida xabar berilgandi.