Istanbulda kuchli yomg‘ir: maktablarda darslar bekor qilindi, tirbandlik 89 foizga yetdi (video)

Istanbulda kuchli yomg‘ir: maktablarda darslar bekor qilindi, tirbandlik 89 foizga yetdi (video)

Istanbulda kuchli yomg‘ir sabab maktablarda darslar bekor qilindi. Shaharda ikki g‘ildirakli transport vositalarining harakatlanishi ham cheklangan, ayrim xodimlarga esa ma’muriy ta’til berilgan. Bu haqda mahalliy hukumat xabar berdi.

 

Turkiyaning Istanbul shahrida mototsikllar va boshqa ikki g‘ildirakli transport vositalarida harakatlanish ham taqiqlandi. Kuchli yomg‘ir sabab vaqtincha maktablar yopilgan.

 

Istanbul hukumati joriy yil 13-oktyabr kuni shaharning ko‘plab hududlarida harakatlanishni qiyinlashtirgan kuchli yomg‘ir sabab maktablarda darslar bekor qilingan.

 

Qarorga ko‘ra, 15-oktyabr kuni davlat muassasalarida ishlaydigan homilador ayollar va nogironligi bo‘lgan xodimlar, shuningdek, 8 yoshgacha bo‘lgan farzandi bor ayollarga ma’muriy ta’til berildi. Bundan tashqari, 14-oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 dan boshlab shaharda mototsikllar va boshqa ikki g‘ildirakli transport vositalarida harakatlanish taqiqlanadi.

 

Bugun Istanbul hukumati shahar uchun ob-havo xavfi bo‘yicha sariq darajadagi ogohlantirish e’lon qildi. Kuchli yomg‘ir 15-oktyabr kuni kun oxirigacha davom etishi kutilmoqda. Shuningdek, suv toshqini, sel oqimlari, transport qatnovi va infratuzilma faoliyatida uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

 

Istanbulda joriy yil 13-oktyabr oqshomidan buyon kuchli yomg‘ir yog‘moqda. Yog‘ingarchilik shaharning ayrim hududlarida suv to‘planishiga va transport harakatida muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Noqulay ob-havo mahalliy aeroportlar faoliyatiga ham qisman ta’sir ko‘rsatgan. Ayrim reyslar, jumladan, xalqaro qatnovlar ham boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.

 

Shuningdek, kuchli yomg‘ir shahar transporti faoliyatida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqargan. Kechki tig‘iz vaqtda yo‘llardagi tirbandlik darajasi 89 foizga yetgan.