Google yangi Gemini-4 Carbon modelini sinovdan o‘tkazmoqda — xodimlar uni “Claude Opus 5.5” bilan taqqoslamoqda

Google yangi Gemini-4 Carbon modelini sinovdan o‘tkazmoqda — xodimlar uni “Claude Opus 5.5” bilan taqqoslamoqda

Google kompaniyasi yangi Gemini 4 sun’iy intellekt modelini ommaga taqdim etishga tayyorlanmoqda. Hozirda kompaniya xodimlari modelning Carbon kod nomi bilan atalgan takomillashtirilgan versiyasini sinab ko‘rmoqda.

 

Carbon versiyasi Google’ning kod yozishga mo‘ljallangan ichki Jetski platformasida sinovdan o‘tkazilmoqda. Google kompaniyasi xodimlaridan birining aytishicha, dasturlash vazifalarini bajarishda Carbon Claude Opus 5.5’ga o‘xshash taassurot qoldirgan. Biroq model imkoniyatlariga to‘liq baho berish uchun uni yana bir muddat sinab ko‘rish kerak.

 

Google Gemini’ning ichki sinov versiyalariga Argon, Barium va Carbon kabi kod nomlarini bergan. Argon’ning dastlabki versiyalari yaxshi baholangan bo‘lsa-da, ayrim dasturlash vazifalarida raqobatchi modellardan ortda qolgan. Gemini 4’ning takomillashtirilgan versiyasi bu farqni kamaytirishi mumkin, ammo uning aynan shu ko‘rinishda ommaga taqdim etilishi hozircha aniq emas.

 

Kompaniya ichki kod nomlari bilan ommaviy taqdim etiladigan mahsulot nomlari bir-biridan farq qilishi mumkin. Ichki hujjatlardan birida Barium-B versiyasi ommaga Argon nomi bilan chiqarish uchun tanlangani qayd etilgan. Carbon esa Argon’ning yangilangan versiyasimi yoki Gemini oilasiga mansub alohida modelmi — hozircha noma’lum.

 

Google o‘tgan oy Argon modeli dasturlash hamda yuridik va moliyaviy kabi kasbiy vazifalarni bajarish bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarda raqobatchilar bilan tenglasha olishini bildirgan edi. Kompaniya, shuningdek, kiberxavfsizlik imkoniyatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.

 

Dastlab Argon Google hamkorlariga Fairwind platformasi orqali taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bu hamkorlar undan dasturiy tizimlardagi zaifliklarni aniqlashda foydalanishi mumkin. Keyinchalik modelni keng ommaga taqdim etish ko‘zda tutilgan.

 

Google sun’iy intellekt bozorida raqobatchilar bilan bellashish uchun yangi yechimlarni ishlab chiqishda davom etmoqda. Shu hafta kompaniya Gemini asosida ish bilan bog‘liq vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan universal sun’iy intellekt agentini ham e’lon qilgandi. Yirik texnologik kompaniyalar o‘rtasida turli vazifalarni mustaqil bajara oladigan AI yordamchilarini yaratish bo‘yicha raqobat tobora kuchaymoqda.