“Taxminan 1570–1580 ball olganman deb o‘ylagandim”: qozog‘istonlik talaba qiz SAT’dan 1600 ball oldi

“Taxminan 1570–1580 ball olganman deb o‘ylagandim”: qozog‘istonlik talaba qiz SAT’dan 1600 ball oldi

Qozog‘istonlik Zara Joldasbay SAT imtihonida maksimal 1600 ball to‘pladi. U avvalgi natijasini 150 ballga yaxshilash uchun tayyorgarlik paytida eski konspektlarini takrorlab, imtihonga uch hafta qolganida ijtimoiy tarmoqlardan butunlay voz kechgan.

 

Qozog‘istonda NIS IB Astana bitiruvchisi Zara Joldasbay SAT imtihonida maksimal — 1600 ballni qo‘lga kiritdi. U matematika bo‘limidan 800, “Reading and Writing” bo‘limidan ham 800 ball olgan.

 

Natijasini yaxshilash uchun u 4 oy davomida tayyorgarlik ko‘rib, haftasiga besh kun ikki soatdan shug‘ullangan. Imtihonga uch hafta qolganida esa barcha ijtimoiy tarmoqlarini o‘chirib, o‘ziga “dofamin detoksi” uyushtirgan.

 

Avvalgi imtihonda 1450 ball olgan

 

Zara SAT imtihoniga jiddiy tayyorgarlikni 2025-yilda boshlagan bo‘lib, u o‘quv markazida to‘rt oylik intensiv kursda qatnashgan. Haftasiga besh kun, kuniga ikki soatdan shug‘ullangan.

 

2025-yil dekabr oyida SAT imtihonini topshirganida 1450 ball olgan. Shundan 790 bali matematika bo‘limiga to‘g‘ri kelgan. Natijasi yaxshi bo‘lsa-da, Zara bundan ham yuqori ball olishni kutgan.

 

Yozda u katta opasining maslahatiga ko‘ra SAT’ni yana bir bor topshirishga qaror qilgan. Bunda uning asosiy maqsadi o‘ziga yuqori natijaga erisha olishini isbotlash bo‘lgan.

 

Avgust oyida imtihondan chiqqanimda, taxminan 1570–1580 ball olganimga ishonchim komil edi. Biroq natijalarni ochib, maksimal ballni ko‘rganimda, shokka tushdim va ko‘zlarimga ishonmadim, — deydi Zara.

 

U natijalarini yaqin do‘stlari davrasida tekshirgan. Shunda do‘stlaridan biri Zara Qozog‘istonda SAT’dan 1600 ball olgan birinchi qiz bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

 

Imtihonga uch hafta qolganda barcha ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirgan

 

Tayyorgarlik jarayonida Zara hammasini boshidan boshlamagan. U tayyorgarlik paytida konspektlarini takrorlagan, Khan Academy platformasidagi darslarni ko‘rgan va avval SAT’dan 1550 va undan yuqori ball olgan tanishlari bilan maslahatlashgan.

 

Biroq uning tayyorgarlikdagi muhim qarorlaridan biri — ijtimoiy tarmoqlardan butunlay voz kechish bo‘lgan. Imtihonga uch hafta qolganda u barcha ijtimoiy tarmoqlarini o‘chirib, o‘ziga xos “dofamin detoksi” qilgan.

 

Menimcha, aynan shu qaror imtihonga samaraliroq tayyorlanishimga eng ko‘p yordam berdi, — deydi u.

 

Zaraning aytishicha, tayyorgarlik jarayoni unga unchalik qiyin tuyulmagan. Uning fikricha, SAT imtihoni ko‘proq diqqat-e’tiborni sinovdan o‘tkazadi, savollarning aksariyati esa unga tanish mavzulardan iborat bo‘lgan.

 

Bu, ayniqsa, matematika bo‘limiga tegishli.

 

Matematikada eng muhimi — Desmos va ichki kalkulyatordan foydalanishni o‘rganish. Shunda imtihon qiyin bo‘lmaydi, — deydi u.

 

Zara hozir grant asosida tahsil olmoqda

 

Hozirda u Maqsut Narikbayev universitetida “Menejment” yo‘nalishida grant asosida tahsil olmoqda.

 

Kelajakda u texnologiyalar sohasida rivojlanishni istaydi. Shu sababli sun’iy intellekt bilan bog‘liq Qozog‘istonning yirik kompaniyalaridan birida amaliyot o‘tashni rejalashtirmoqda. Kelgusida o‘zining AI-startapini yaratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

 

Uning navbatdagi katta akademik maqsadi — xorijda tahsil olish.

 

Magistraturaga albatta Ayvi ligasi universitetlariga hujjat topshirishni maqsad qilaman, — deydi Zara.

 

5 yil suzish bilan shug‘ullangan va “Astana Opera”da sahnaga chiqqan

 

Zara bitiruvchi sinfgacha o‘qishni sport va san’at bilan birga olib borgan. U besh yil davomida suzish bilan shug‘ullangan va shahar hamda xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan.

 

2024-yilda u Dubayda o‘tkazilgan ochiq suvda suzish bo‘yicha OCEANMAN jahon chempionatida Qozog‘iston sharafini himoya qilgan. 5 kilometr masofaga suzish bo‘yicha 11–19 yoshdagi qizlar toifasida dunyo miqyosida 11-o‘rinni egallagan.

 

Shuningdek, Zara “Astana Opera” studiyasida balet bilan shug‘ullangan. U bir necha marta sahnaga chiqqan, jumladan, yakkaxon chiqish ham qilgan. Teatr hayotidagi ishtiroki uchun tashakkurnomalar ham olgan.

 

“Taxminan 1570–1580 ball olganman deb o‘ylagandim”: qozog‘istonlik talaba qiz SAT’dan 1600 ball oldi

 

Biroq bitiruvchi sinfda u sport va baletdan voz kechib, butun e’tiborini o‘qish va universitetga kirishga tayyorgarlikka qaratishga qaror qilgan.

 

SAT’ga tayyorgarlik sababli ko‘pincha do‘stlarim bilan sayr qilishdan voz kechardim, lekin yuqorida aytganlarimning hech biridan afsuslanmayman, — deydi u.

 

Endilikda SAT sertifikati Zaraning akademik portfelidagi yana bir muhim natijaga aylandi. Uning keyingi maqsadi esa universitetda o‘qish va texnologiyalar sohasida karyera qurish.

 

Avvalroq, Talimxabarlari.uz muxbiri SAT 1590 ballik sertifikatni olgan 9-sinfli Farg‘onalik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edi. Intervyuni o‘qish