9-sinfda SAT 1590: Farg‘onalik o‘quvchi SAT’da eng yuqori natijalardan birini qo‘lga kiritdi

9-sinfda SAT 1590: Farg‘onalik o‘quvchi SAT’da eng yuqori natijalardan birini qo‘lga kiritdi

Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani 28-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Mirziyo Ilhomov SAT imtihonidan 1590 ball to‘plab, yuqori natija qayd etdi. Ushbu ko‘rsatkich unga xalqaro ta’lim yo‘lida muhim eshiklarni ochib berdi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“Ingliz tiliga qiziqish 6-sinfdan boshlangan”

 

Mirziyoning aytishicha, u ingliz tilini 6-sinfdan, ya’ni 3 yil avval o‘rganishni boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan u bilimini faqat maktab darajasida emas, balki xalqaro miqyosda sinab ko‘rish istagan.

 

Ingliz tilini bundan 3 yil avval, 6-sinfligimda o’rganishni boshlaganman. Vaqt o’tishi bilan o’z bilimimni xalqaro miqyosida sinab ko’rish va kelajakda dunyoning eng nufuzli oliygohlarida o’qish istagi menda SAT sertifikatini olish fikrini uyg’otdi.

 

“7 oy davomida tinimsiz tayyorgarlik”

 

O‘quvchi SAT imtihoniga jami 7 oy davomida jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Bu jarayon maktab darslari bilan birga olib borilgani sabab tinimsiz mehnat talab qilgan.

 

Albatta, maktab darslari bilan bir vaqtda SAT’ga tayyorlanish biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Ammo aniq rejalashtirilgan strategiya, to‘g‘ri metodlar va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash (time management) evaziga buni uddalashga muvaffaq bo‘ldim, — deydi Mirziyo.

 

“Eng katta qiyinchilik — Reading qismi”

 

Tayyorgarlik jarayonida u turli manbalardan foydalangan. U uchun qiyin kechgan ko‘nikma esa — Reading bo‘lgan.

 

Men uchun eng qiyin jarayon English (Reading) qismi bo‘ldi. Dastlab matnlarning umumiy mazmunini tushunishda juda ko‘p qiynalganman, — deydi u.

 

“Tushkunlik bo‘lgan, lekin oila kuch berdi”

 

Har qanday katta natija ortida qiyinchiliklar ham bo‘ladi. Mirziyo ham ba’zan charchoq va motivatsiya pasayishini his qilganini yashirmaydi.

 

O‘qish jarayonida charchoq yoki motivatsiya pasaygan paytlar ham bo‘ldi. Bunday damlarda ota-onam va akalarimning bergan daldalari menga juda katta kuch bo‘ldi. Ular meni har doim faqat oldinga qarab harakat qilishga undab turishdi.

 

“Imtihon kuni oddiy mashg‘ulotdek o‘tdi”

 

Mirziyo SAT imtihoni kuni bosim his qilmaganini aytadi. Uning fikricha, muntazam “practice test”lar bunga sabab bo‘lgan.

 

Imtihon topshirish jarayonida deyarli stress his qilganim yo‘q, hammasi xuddi uydagi oddiy practice testlardagidek o‘tdi. Natijam yaxshi chiqishini bilardim, lekin bunchalik yuqori bo‘lishini kutmagandim, — deydi u.

 

Natijalar e’lon qilingan kuni esa u o‘z ko‘ziga ishonmagan.

 

Javoblar chiqqan kuni ko‘zlarimga ishonmadim! Natija haqiqiy ekanligini anglagach, birinchi bo‘lib cheksiz quvonchimni onajonim bilan baham ko‘rdim.

 

Bugungi kunda Mirziyo o‘z tajribasini tengdoshlariga ham ulashmoqda. U SAT topshirishga tayyorlanayotganlarga ayrim tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

 

SAT topshirmoqchi bo‘lganlarga maslahatim: qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, aslo to‘xtab qolmang! Tartib va intizom bilan o‘qish — muvaffaqiyatning bosh kalitidir.

 

“Kelajak — dunyoning eng nufuzli universitetlari sari”

 

Ayni damda u bo‘sh vaqtlarida o‘z tengdoshlariga SAT bo‘yicha dars berib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda. Uning asosiy maqsadi — xorijiy oliygohlarda to‘liq grant asosida tahsil olish.

 

Hozirgi kunda bo‘sh vaqtlarimda o‘z tengqurlarimga SAT’dan dars berib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatyapman. Kelajakdagi maqsadim — chet elda to‘liq grant asosida o‘qish. Buning uchun dunyo reytingida yetakchi bo‘lgan Harvard, Oxford va Stanford universitetlarini maqsad qilganman.

 

Mirziyoni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Olmaliq shahrida IELTS 6,5 va SAT 1260 ballik sertifikatlarni qo‘lga kiritgan 6-sinf o‘quvchisi bilan suhbatlashgan edik.