2026/2027 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida “Dutor”, “Milliy raqs”, “Yosh doirachilar” va “Tasviriy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 27-avgustdagi tegishli buyrug‘i bilan “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklarni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Mazkur tartib davlat rahbarining 2026-yil 2-iyundagi 103-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan umumta’lim maktablarida quyidagi yo‘nalishlarda to‘garaklar tashkil etiladi:
- “Dutor”;
- “Milliy raqs”;
- “Yosh doirachilar”;
- “Tasviriy san’at”.
To‘garaklarda o‘quvchilar haftasiga 2 soatdan, jami 72 soat davomida chuqurlashtirilgan holda ta’lim oladi.
Shuningdek, to‘garak a’zolari o‘rtasida turli tanlovlar tashkil etilib, ular orasidan iqtidorli o‘quvchilar saralab olinadi.
Mazkur to‘garaklarni tashkil etishdan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida milliy san’atni keng targ‘ib qilish hamda uni kelajak avlodga yetkazishdan iborat.
Avvalroq, Qonunchilik palatasi majlisida bolalar musiqa, sanʼat va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi taʼlim sifati, moddiy-texnik baza hamda pedagoglar bilan taʼminlash masalalari koʻrib chiqilgandi. Soha boʻyicha aniqlangan muammolar yuzasidan Madaniyat vaziriga parlament soʻrovi yuborilgani haqida xabar bergan edik.
