Parlamentda bolalar musiqa va sanʼat maktablaridagi taʼlim sifati muhokama qilindi

Parlamentda bolalar musiqa va sanʼat maktablaridagi taʼlim sifati muhokama qilindi

Qonunchilik palatasi majlisida bolalar musiqa, sanʼat va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi taʼlim sifati, moddiy-texnik baza hamda pedagoglar bilan taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi. Soha boʻyicha aniqlangan muammolar yuzasidan Madaniyat vaziriga parlament soʻrovi yuborildi.

 

Bugun, 11-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

 

Unda bolalar musiqa, sanʼat va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi taʼlim sifati hamda ularni zarur jihozlar bilan taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi.

 

Taʼkidlanishicha, mamlakatda bolalar musiqa va sanʼat taʼlimini rivojlantirish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularni malakali pedagoglar bilan taʼminlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilgan.

 

Xususan, respublika boʻylab 326 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi barpo etilgan. Qator oʻquv binolari rekonstruksiya qilinib, musiqa cholgʻulari va oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan.

 

Shu bilan birga, deputatlar tomonidan hududlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar va taʼlim muassasalaridan kelib tushgan maʼlumotlar sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolayotganini koʻrsatgan.

 

Jumladan, Termiz, Fargʻona, Urganch, Samarqand va Navoiy shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari, Andijondagi Sherali Joʻrayev nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi, Toshkentdagi R. Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi hamda boshqa qator muassasalar binolari kapital taʼmirga muhtojligi aniqlangan.

 

Shuningdek, Prezidentning 2020-yil 4-fevraldagi qarorida 2021/2022-oʻquv yilidan Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarini tashkil etish belgilangan boʻlsada, mazkur vazifa toʻliq bajarilmagani qayd etilgan.

 

Buxoro ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi uchun Bunyodkor MFY hududidan 1 gektar yer maydoni ajratilib, 43 mlrd soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. Biroq mablagʻ ajratilmagani sababli qurilish ishlari boshlanmagan.

 

Ayrim musiqa va sanʼat taʼlimi muassasalarida oʻquvchilar soni binolarning loyiha quvvatidan yuqori ekani ham aniqlangan. Bu holat oʻquvchilar uchun zarur taʼlim muhitini yaratishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

 

Bundan tashqari, ayrim maktablarda mashgʻulot xonalarining akustik holati talab darajasida emasligi, maxsus sinf xonalari va konsert zallari yetishmasligi qayd etilgan.

 

Kadrlar bilan taʼminlash masalasida ham muammolar mavjud. Ayrim muassasalarda konsertmeysterlar va tor ixtisosliklar boʻyicha pedagoglar yetishmayapti.

 

Majlisda sanʼat taʼlimi muassasalarini zarur jihozlar va oʻquv-uslubiy vositalar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish, taʼlim sifati va kadrlar salohiyatini oshirish, pedagoglarning malakasini oshirish va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

 

Shuningdek, maktab-internatlarni tarbiyachilar bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Madaniyat vaziridan asoslantirilgan tushuntirish berish soʻralgan. Yakunida mazkur masalalar yuzasidan Madaniyat vaziriga parlament soʻrovi yuborildi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish