Bugun yangi oʻquv yili boʻyicha ajratilgan kvota doirasida boʻsh qolgan (vakant) oʻrinlar uchun ariza berish yakunlanadi. Vakant oʻrinlar uchun kirish imtihonlarida qatnashgan, lekin oʻqishga kira olmagan abituriyentlar hujjat topshirishi mumkin.
2026-2027-oʻquv yili qabuli boʻyicha 80 ta oliy taʼlim muassasasidagi 31808 ta taʼlim yoʻnalishi bo’sh qolgan edi. Ushbu oʻrinlarga kirish imtihonlarida ishtirok etib, 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan, lekin oʻqishga kira olmagan hamda tanlov bosqichida yoʻnalish tanlamagan abituriyentlar hujjat topshirishi mumkin. Arizalar qabuli bugun 28-avgust kuni soat 23:59 da yakunlanadi. Arizalar agentlikning my.uzbmb.uz sayti orqali beriladi.
Abituriyentlar fanlar majmuasiga toʻgʻri keladigan 5 tagacha taʼlim yoʻnalishi, OTM va istagan taʼlim shaklini tanlashi mumkin. Vakant oʻrinlar uchun kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarda kvotalar mavjud.
Vakant oʻrinlarga abituriyentlar ballar ketma-ketligiga rioya qilgan holda, bazaviy toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Muhim! Kvota toʻlgan va vakant oʻrin mavjud boʻlmagan yoʻnalishlarga hujjat topshirib boʻlmaydi. Ayrim talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda boʻsh oʻrinlar yoʻq.
