Nega ayrim yoʻnalishlarda vakant oʻrin uchun ariza berib boʻlmayapti? Vakant oʻrinlar boʻyicha qoʻshimcha ma’lumot

Nega ayrim yoʻnalishlarda vakant oʻrin uchun ariza berib boʻlmayapti? Vakant oʻrinlar boʻyicha qoʻshimcha ma’lumot

Tahririyatimizga ayrim yoʻnalishlar boʻyicha vakant oʻrinlar uchun ariza berib boʻlmayotgani haqida bir qancha savollar kelib tushmoqda. Ushbu maqolada vakant oʻrinlar haqida umumiy maʼlumot va nega ayrim yoʻnalishlarga hujjat topshirib boʻlmayotganining sabablari keltirib oʻtiladi.

 

Joriy yilda umumiy qancha kvota ajratilgan edi?

 

Maʼlumki, har yili yangi oʻquv yili uchun birinchi kursga talabalarni qabul qilish boʻyicha yoʻnalishlar kesimida kvota eʼlon qilinadi. Ushbu kvotalar davlat buyurtmasi asosida Davlat qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

 

Joriy yilgi qabulda bakalavriat taʼlim shakliga umumiy 205 604 ta kvota ajratilgan edi. Shulardan 155 852 tasi kunduzgi, 28 942 tasi kechki va 20 810 tasi esa masofaviy taʼlim shakli uchun taqsimlangan.

 

Iyun avgust oylari davomida kirish imtihonlari 2 bosqichda oʻtkazildi va abituriyentlar mavjud kvotalar uchun oʻzaro kurashdi.

 

Qabulning yakuniy natijalariga koʻra, joriy yilda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan. Shundan 52,8 ming nafari davlat granti asosida, 156,3 ming nafari esa toʻlov-kontrakt asosida va 20,5 ming nafari esa belgilangan imtiyozlar boʻyicha alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan.

 

Xoʻsh, vakant oʻrin nima degani oʻzi? Qaysi yoʻnalishlarda oʻrin bor?

 

Yuqorida keltirilgan statistikaga koʻra, joriy yilda bakalavriat taʼlim shakli uchun umumiy 205 604 ta kvota ajratilgan. Yakuniy mandat natijasiga koʻra, 31 808 ta oʻrin boʻsh qolgan, yaʼni abituriyentlar hujjat topshirmagan yoki balli yetmagan va shu sababli belgilangan kvota toʻlmagan.

 

Hukumatning tegishli qarori bilan, 2025-2026-oʻquv yilidan boshlab kirish imtihonlarida minimal 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan lekin oʻqishga qabul qilinmagan va tanlov bosqichida yoʻnalish tanlamagan abituriyentlarni belgilangan kvota doirasida qoʻshimcha qabul asosida oʻqishga qabul qilish tartibi belgilangan edi.

 

Bunda oʻqishga kira olmagan abituriyentlar bir hafta davomida OTMlarda toʻlmay qolgan ayrim yoʻnalishlarga fanlar majmuasi toʻgʻri kelgan holda hujjat topshirishi mumkin.

 

Ayrim yoʻnalishlarda vakant (boʻsh) oʻrinlarga ariza topshirib boʻlmayotganining sababi ushbu yo’nalishlarda boʻsh oʻrin yoʻqligidir. Yaʼni, barcha yoʻnalishlarda ham vakant oʻrinlar mavjud emas. Bir qancha talab yuqori boʻlgan, masalan, tibbiyot, iqtisodiyot, pedagogika, filologiya kabi yoʻnalishlarida belgilangan kvota toʻlgan va bularga qoʻshimcha qabul amalga oshirilmaydi.

 

Vakant oʻrinlar mavjud yoʻnalishlar roʻyxati bilan tanishish

 

Vakant oʻrinlar uchun ariza berish qachongacha davom etadi?

 

Vakant (boʻsh) oʻrinlar uchun arizalar qabuli 22-avgustdan 28-avgustgacha davom etadi. Qabul yakunlangach bir hafta muddatda natijalar eʼlon qilinadi va OTMlariga taqdim etiladi.

 

Abituriyentlar ballar ketma-ketligiga rioya qilgan holatda bazaviy toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish