Oliy Majlisdagi ‘‘Hukumat soati’’da 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari ma’lum qilindi. Joriy o‘quv yili uchun davlat granti asosidagi qabul parametrlari 36 ming 23 tani, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy qabul esa 234 mingdan ortiqni tashkil etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan ‘‘Hukumat soati’’da oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash hamda 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul parametrlari muhokama qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ma’lum qilishicha, 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat granti asosidagi qabul kvotalari 36 ming 23 tani tashkil etadi.
Shuningdek, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy qabul parametrlari 234 mingdan ortiq etib belgilangan.
Qayd etilishicha, qabul parametrlarini shakllantirishda muhandislik, axborot texnologiyalari, pedagogika va agrar sohalar uchun yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ustuvor hisobga olingan.
Vazirning ta’kidlashicha, davlat buyurtmasi parametrlari mehnat bozori ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari talablari hamda bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichlari tahlili asosida shakllantirilmoqda. 2025-yildan boshlab esa davlat buyurtmasi oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan prognoz talab asosida to‘rt yillik davr uchun tasdiqlangan.
Bundan tashqari, ‘‘Hukumat soati’’da bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, 2025/2026-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarini 323 mingdan ortiq talaba tamomlagan bo‘lsa, 2027-yilda mehnat bozoriga 390 mingdan ortiq bitiruvchi kirib kelishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, bitiruvchilar bandligini monitoring qilish va ularga mos bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish maqsadida career.edu.uz elektron platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
